«Obod qishloq» dasturi asosida Samarqand viloyati Nurobod tumanining Jom qishlog`ida bir nechta ob`ektlar foydalanishga topshirildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Manjak, Taramish va Jom-1 guzarlarida yangitdan qurilgan va kapital ta`mirlangan suv inshootlari qishloq aholisi ixtiyoriga topshirildi, Yangiqishloq guzarida esa elektr ta`minoti stansiyasi ishga tushirildi.

Ob`ektlarni foydalanishga topshirishga bag`ishlangan tadbirda viloyat hokimi T.Jo`raev ishtirok etdi.
Umuman olganda, «Obod qishloq» dasturi bo`yicha Nurobod tumanining Jom va Girdiqo`rg`on qishloqlarida rejalashtirilgan ishlarning qariyb 80 foizi oxiriga etkazildi.
22,1 km. ichki yo`l tosh yo`lga o`tkazildi, 5,65 km. masofada markaziy ko`chalarga, 2,32 km. masofada ichki ko`chalarga asfalt yotqizildi. 2,2 km. irrigasiya lotoklari, 5,65 km. piyodalar uchun yo`laklar qurildi.
23-umumta`lim maktabi oldida hashar yo`li bilan yangi ko`prik barpo etildi.
Markaziy va ichki ko`chalarga 30 ta, yangi bozor hududi, Jom va Girdiqo`rg`on mahallalari markaziy maydonlarida 12 ta, jami 42 ta tungi yoritish ustunlari o`rnatildi.
Viloyat elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qishloq aholisini uzluksiz elektr energiya bilan ta`minlash maqsadida 11 ta yangi transformator, 1060 dona temir-beton ustun o`rnatildi, 41 km. uzunlikdagi havo tarmog`i tortildi.

Viloyat hududiy gaz ta`minoti boshqarmasi tomonidan Jom va unga tutash hududlarda suyultirilgan gaz ballonlarini tashish uchun qo`shimcha «Isuzu» rusumli avtomashinasi xarid qilindi.
2100 dona suyultirilgan gaz balloni etkazib berildi. Bugungi kunga qadar Jom va Girdiqo`rg`on mahallalaridagi barcha xonadonlar maishiy gaz ballonlari bilan ta`minlandi.
Omondara mahallasi hududida aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi gaz ballonlari tarqatish markazi qurildi.
«Obod qishloq» dasturiga qadar Jomda istiqomat qilayotgan 22830 nafar aholini markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta`minlanish ko`rsatkichi 6121 nafar – 27 foizni tashkil etgan. Dastur davomida ehtiyojni bartaraf etish maqsadida;
- «Omondara» suv inshooti kapital ta`mirlandi va suv chiqarish quvvati 2 barobar oshirildi;
- 0,5 km. tarmoq yangilandi;
- 2 km. suv tarmog`i joriy ta`mirlandi;
- 40 dona klapanli ko`cha kranlari o`rnatildi;
- 3 ta suv inshooti rekonstruksiya qilindi;
- 4 ta yangi suv inshooti qurilib, 6 km.ga ichimlik suv tarmog`i tortildi;
- 2 ta yangi suv inshootida qurilish ishlari olib borilmoqda;
- 2 ta suv tashuvchi maxsus texnikalarga suv olish nuqtalari tashkil etildi;
- aholining chorva mollarini sug`orish uchun 12 ta suv hovuzi qazildi.
Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta`minlanish darajasi 62,3 foizga ko`tarildi.
Markazlashgan suv tarmog`i etib bormagan aholini ichimlik suv bilan ta`minlash uchun 2 ta maxsus suv tashuvchi avtomashina ajratildi. Ichimlik suvga bo`lgan ehtiyoj Jom qishlog`ida to`liq bartaraf etiladi.
Suv inshootlari va suv tarmoqlarida avariya holati ro`y bersa, uni o`z vaqtida bartaraf qilish maqsadida barcha asbob-uskunalar bilan jihozlangan 2 ta yangi maxsus motosikl xarid qilindi.
Shuningdek, 663 ta uy-joyning 469 tasi (71 foizi) ta`mirdan chiqarildi, atrofi to`siq devorlar bilan o`raldi. Namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan 75 ta uy-joyning 25 tasi Respublika Kasaba uyushmalari kengashi tomonidan moliyalashtirilib, kam ta`minlangan va sharoiti og`ir bo`lgan oilalarga bepul ajratildi. Mazkur ob`ektlarda qurilish ishlari 70-75 foizga bajarildi.
10 ta maktab ta`mirdan chiqarildi, yangi mebellar bilan jihozlandi, 1 ta qishloq oilaviy poliklinikasi va 3 ta maktabgacha ta`lim muassasasi yangi qurildi.
Dehqon bozori, masjid, hammom, 3 ta avtomobillarga texnik xizmat ko`rsatish shaxobchasi, 4 ta oziq-ovqat do`koni hamda 2 ta avtobekat barpo etildi.
16-17 may kunlari kutilmaganda yoqqan kuchli yomg`ir va sodir bo`lgan sel oqibatida yaroqsiz holga kelib qolgan 3 ta ko`prik rekonstruksiya qilindi. Tabiiy ofatdan talofat ko`rgan 71 ta oila holidan xabar olinib, ularga 30 tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsuloti, 2000 donaga yaqin kiyim-kechak, 500 ga yaqin ko`rpa-to`shak, yostiq, choyshablar, dori-darmon, uy-ro`zg`or buyumlari, kir yuvish vositalari etkazib berildi.

Jiddiy zarar ko`rgan hamda tiklash imkoniyati bo`lmagan xonadonlar buzilib, qurilish materiallari ajratib olindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, seldan zarar ko`rgan bino va inshootlarni qayta qurish va ta`mirlash uchun 7 mlrd. so`m mablag` talab etilmoqda.
Sel oqimida joylashgan 4 ta uy-joy buzilib, uning egalariga xavfsiz hududdan er uchastkalari ajratildi. Ularga homiylar hisobidan uy-joy qurib berilmoqda.
Jomsoy kollektorining 3,1 km. o`zani to`g`rilandi va qirg`oqlari mustahkamlandi.






