“Telegram”da futbol bo`yicha jahon chempionati o`yinlariga pul tikishni taklif etayotgan firibgarlar guruhi paydo bo`ldi. Bu haqda Yagona umumrespublika prosessing markazi xabar berdi. Mazkur idora barcha karta egalarini yanada hushyor bo`lishga chaqirgan, deb yozmoqda mulohaza.uz.
Qayd etilishicha, shu kunlarda Telegram messenjeri orqali noqonuniy pul yig`imlarini tashkillashtirgan guruh a`zolarining navbatdagi harakatlari aniqlangan va ularni bartaraf qilish choralari ko`rilyapti.
Gap shundaki, messenjerda futbol bo`yicha Rossiyada bo`lib o`tayotgan joriy yilgi jahon chempionati o`yinlari bashorati uchun pul tikishni taklif etayotgan guruh paydo bo`lgan. Ularning a`zolari har bir futbol uchrashuvidan oldin, “kartadan kartaga pul o`tkazish” xizmati orqali mablag` ko`chirishga chaqirilgan.
Hatto Prosessing markazi mutaxassislari tomonidan bu boradagi noqonuniy harakatlarni bartaraf qilish bo`yicha choralar ko`rgunga qadar ushbu e`longa chuv tushganlar ham borligi ma`lum bo`ldi. Ya`ni ayrim “bashoratchi” karta egalari ma`lum miqdorda pul o`tkazishga ulgurgani ham qayd etildi.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarni tashkil etish hamda o`tkazish” nomli 278-moddasiga binoan noqonuniy qimor o`yinlarini tashkillashtirish hamda ularni o`tkazish bilan shug`ullangan qonunbuzarlarga nisbatan etti yilgacha qamoq jazosi belgilanadi.






