AsosiyJamiyat

Xotin-qizlar qo`mitasi raisi mardikor ayollar dardini eshitdi

'Xotin-qizlar qo`mitasi raisi mardikor ayollar dardini eshitdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi bosh vaziri o`rinbosari, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Tanzila Norboeva Qo`yliq bozori atrofida yollanma ish bilan shug`ullanayotgan ayollar uchun sayyor qabul o`tkazdi.

«Har bir ayolning ortida — uning oilasi, farzandlari turadi. Shunday ekan, har bir ayol baxtli bo`lishga haqli. Biz mustaqil, demokratik davlatda yashayotgan ekanmiz, har birimiz uchun yaratilgan imkoniyatlardan to`liq foydalangan holda jamiyatga, davlatga foydamiz tegishi uchun xizmat qilishimiz zarur.

Ayollarning o`z oilasini, shirindan-shakar farzandlarini tashlab, uzoqlarda pul topish maqsadida tayinli uy-joysiz, mehnat daftarchasisiz, birovlarning qo`liga karab ishlashi — bu albatta, har birimizning og`riqli nuqtamizdir.

Sababi, Ona uzoqda bo`lgach, o`z farzandlariga beradigan mehrni yana kim bera oladi? Axir hozirgi kunda barcha hududlarimizda ishsizlik muammosi hal etilmoqdaku, aholiga juda qulay sharoitlar yaratilmoqda-ku!», — deb yozadi Tanzila Norboeva.

Xotin-qizlar qo`mitasi ma`lumotiga ko`ra, birgina shu yilning 5 oyida 131 ming xotin-qizlar bandligi ta`minlandi. Bu boradagi muammolarni bartaraf etish maqsadida kecha Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan poytaxtimizning Kuylik bozori atrofiga norasmiy yollanma ish izlab kelgan ayollar sayyor qabuli o`tkazildi.

Qabulda ishtirok etish uchun hududlardan xotin-qizlar qo`mitalari vakillarini, bandlik markazlari, ichki ishlar idoralari xodimlari ham taklif etildi.

Sayyor qabulda Toshkent shahriga respublikamizning turli hududlaridan kelgan 112 nafar ayol bilan suhbat o`tkazilgan.

Ayollarning aksariyati Andijon, Namangan, Farg`ona, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahridan bo`lib, ularning ayrimlarida fukarolik pasportlarining yuqligi, ayrimlari hatto homilador ekanliklari, uyi bulmaganligi uchun Toshkentga kelganligi, yana ayrimlari turmush o`rtoqlarining qiynoqlariga chiday olmay, arazlashib kelganliklari aniqlandi.

Shu erning o`zida 67 nafar ayolning muammosiga echim topilgan. Ko`pchilik ayollar hududiy xotin-qizlar qo`mitalari xodimlari bilan o`z uylariga qaytarildi. Bosh vazir o`rinbosarining ta`kidlashicha, ularning barcha muammolari hal etiladi, eng asosiysi — bandligini taminlash choralari albatta ko`riladi.

«Sayyor qabulimiz jarayonida qo`lida hunari bo`lmagan yosh ayollarni kasbga o`rgatish va o`z ishini boshlashlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida ularni zarur asbob-uskunalar bilan ta`minlash ham rejalashtirildi.

Endi bunday ishlarni barcha hududlarda olib borilishini yo`lga qo`yamiz, chunki jamiyatimizda o`z yo`lini hali topa olmayotgan, qiynalib yashayotgan opa-singillarimiz ko`p. Ularni rozi qilish esa — bizning asosiy maqsadimiz», - deb ta`kidladi xotin-qizlar qo`mitasi raisi.

    Boshqa yangiliklar