AsosiyMutolaa

So`nggi saboq

'So`nggi saboq'ning rasmi

O`sha kuni ertalab maktabga juda ham kech qolayotgan edim; muallimdan tanbeh eshitishimni o`ylasam yuragim orqaga tortib ketardi. Ustiga -ustak mos`e Amel bizdan avvalgi dars mavzusini - sifatdoshlarni so`ramoqchi edi. Men esa yarimta so`z ham yodlamaganman. Bir zum xayolimga darsga kirmasdan sayr qilib yurish fikri keldi.

Havo juda ochiq va iliq edi…

O`rmon chetida sayroqi qorayaloqlarning kuylayotgani, taxta yo`nish zavodi ortidagi River o`tlog`ida nemislarning safda yurish mashg`ulotlarini bajarayotganliklari eshitilib turardi. Bularning bari meni darsdagi sifatdosh qoidalaridan ko`ra ko`proq o`ziga jalb qildi, lekin men o`zimni qo`lga olib, maktabga yugurdim.

Meriya[1] yonidan o`tayotib e`lonlar taxtasi oldida to`planib turgan odamlarga ko`zim tushdi. So`nggi ikki yil ichida biz u erda barcha ko`ngilsizlikdan xabardor bo`lar edik: boy berilgan janglar, rekvizisiyalar, kommendant buyruqlari; o`ylanib qoldim: “yana qanday noxushliklar bo`lishi mumkin?”

Shu payt shogirdi bilan e`lonlarni o`qib turgan temirchi Vaxter meni chaqirib qoldi:

– Shoshma, bolakay, ulgurasan o`sha maktabingga.

U ustimdan kulyapti deb o`yladim va halloslagancha mos`e Amelning uyi oldidagi gulzor tomonga yugurdim.

Odatda dars boshida ko`chaga eshitilarli darajada shovqin ko`tarilardi- bolalar quloqlarini qo`llari bilan yopgancha o`tilgan mavzularni g`o`ng`illab takrorlashar, partani do`mbira qilib chalishar, muallimimiz esa chizg`ichi bilan tinchlantirishga urinardi:

– Sekinroq, sekinroq, bolalar!

Men mana shu shovqin-suron ostida joyimga sezdirmasdan o`tirishni mo`ljallagandim, ammo shu bugun yakshanba tongidek jimjit edi.

Ochiq oynadan o`rtoqlarim allaqachon joy-joylarida o`tirganini, mos`e Amel esa vahimali chizg`ichini qo`ltiqlagancha u yoqdan bu yoqqa borib kelayotganini ko`rdim. Qanday qilib bu jimjitlikda eshikni ochib kirsam ekan? Qo`rquvdan qanchalik qizarib, qaltirayotganimni tasavvur qilib ko`ring.

Xavotirim o`rinsiz ekan: mos`e Amel menga muloyim qaradi va erkalab dedi:

– Qani, Frans, o`g`lim, kiraqol. Biz sensiz darsni boshlamoqchi bo`lib turgandik.

Men stulni hatlab o`tib o`z joyimni egalladim. Shundagina, qo`rquvim bosilganidan keyin, muallimning egnidagi dabdabali yashil syurtuk, burama galstuk va boshidagi qora ipak taqyani ko`rdim; u faqat inspektor tashrif buyurganda yoki mukofotlar taqdim etilayotganda shunday kiyinardi. Butun sinf ko`zimga ajib va dabdabali bo`lib ko`rindi. Ammo meni boshqa holat hayron qoldirdi: ko`pincha bo`sh turadigan orqa o`rindiqlarda qo`lida uchburchak musiqa asbobi bilan qariya Xauzer, uning yonida sobiq mer, pochtachi va boshqa qishloq kishilari o`tirardi. Ularning yuzi g`amgin; Xauzerning tizzasida chetlari titilgan eski alifbe, uning ustida esa katta ko`zoynak turardi.

Mos`e Amel avvalgiday muloyim, lekin jiddiy ohangda hammamizga murojaat qildi:

– Bolalar, bugun sizlar bilan so`nggi bor dars o`tishimiz. Berlindan Elzas va Lotaringiya maktablarida faqat nemis tili o`qitilishi haqida buyruq keldi… Yangi o`qituvchi ertaga keladi. Bugun fransuz tilidan oxirgi mashg`ulotimiz. Iltimos, e`tiborliroq bo`linglar!

Mana shu ikki og`izgina so`z meni larzaga soldi. Ax, razillar! Meriya devoriga ilingan e`lon nima haqida ekanligiga endi tushundim.

So`nggi fransuz tili darsi !..

Men bo`lsam zo`rg`a yoza olardim! Demak, endi yozishni yaxshi o`rganolmayman! Butun umr savodsiz bo`lib qolaman! Darsga kirish o`rniga qush uyasini axtarib yurganim, muzlagan Saara ko`li ustida sirpanchiq uchib yo`qotgan vaqtimga shunchalar achinib ketdim-ki! Bir oz oldin zerikarli bo`lgan kitoblar endi men uchun qadrdon do`stlardek bo`lib tuyuldi. Ulardan ajralish men uchun og`ir edi. Mos`e Amel-chi?! Xayolimda uni boshqa ko`rolmaydigandek edim; bir lahzada uning tanbehlari, chizg`ich bilan jazolashlarini ham unutdim.

Bechora! U oxirgi dars sharafiga o`zining bayramona liboslarini kiygandi; orqa o`rindiqlardagi qishloq odamlarining nima uchun bu erda o`tirishganlarini endi tushundim. Ular tez-tez bu erga – maktabga kelib turmaganliklaridan afsusda edilar. Ularning bari muallimning qirq yillik halol xizmati uchun minnatdorchilik bildirayotganga o`xshab ko`rinardi…

Ism-familiyam yangraganini eshitib xayolim bo`lindi. Javob berish navbati meniki edi. Qaniydi sifatdosh qoidalarini baland ovozda, tutilmasdan, dona-dona qilib gapirib Bera olsam. Biroq men hammasini chalkashtirib yubordim, og`irligimni u oyog`imdan bu oyog`imga tashlab, ko`zimni erdan uzolmay turaverdim. Mos`e Amel menga tikilgancha so`zlay boshladi:

– Men seni koyimayman, Frans, o`g`lim, shundoq ham jazolanganligingni bilsang kerak… Har safar: qayoqqa ham shoshildim, ertaga yodlayman, deb o`ylaysan. Oqibati nima bo`ldi? Biz elzasliklar o`qishni doimo ortga suramiz – fojeamiz ham ana shunda. Sizlar o`zingizni fransuz deb bilasiz, vaholanki, o`z ona tillaringda to`g`ri gapirishni ham, yozishni ham eplay olmaysiz. Bunda sening aybing boshqalarnikidan kam emas, Frans, o`g`lim. Biz o`zimizdan o`pkalashimiz kerak. Ota onalarimiz o`qishlarimiz haqida ko`p ham qayg`uraverishmaydi. Maktabga jo`natish o`rniga qo`shimcha aqchaga ega bo`lish maqsadida sizlarni dalaga yoki fabrikaga ishlash uchun yuborishadi. Men o`zim-chi? Men emasmi sizlarga bilim berish o`rniga bog`dagi gullarni parvarishlashni zimmangizga yuklagan?! Men emasmi, baliq ovlagim kelib qolganda sizlarni tap tortmay darsdan ozod qilgan?!

Shundan so`ng mos`e Amel fransuz tili dunyodagi eng ajoyib til ekanligini, bu tilni asrashimiz lozimligini, chunki mustamlaka xalq o`z ona tili yordamidagina yorug`likka chiqa olishini uqtirdi… So`ngra muallim grammatikadan ma`ruza o`qidi. Darsni yaxshi tushunayotganligimdan o`zim ham hayratda edim. Mos`e Amel mavzuni juda ravon tushuntirardi. Avvallari, darsni bunchalik diqqat bilan tinglamagandim. Muallimimiz ketish oldidan bor bilimini bizga qoldirmoqchidek edi, go`yo.

Grammatikadan so`ng yozuvga o`tdik. Mos`e Amel namuna sifatida doskaga chiroyli husnixat bilan quyidagi so`zlarni yozib qo`ydi: “Fransiya, Elzas. Fransiya, Elzas”.

Sinf suv quygandek jimjit, faqat qog`oz ustida yugurayotgan qalamning qitirlashigina eshitilardi…

Maktab tomida kaptarlarning g`uv-g`uvlaganini qulog`imga chalindi. O`ylanib qoldim:

– Hali ularni ham nemischa kuylashga majburlash kerakdir?

Ko`zimni daftardan uzganimda mos`e Amelning maktab bilan qayta ko`risholmaydigandek har bir narsaga sinchiklab qarayotganini ko`rdim. O`ylab ko`ring-a, u qirq yillik umrini shu maktabga baxshida etdi. Eski stul va partalar kirlanib yaltirar, hovlidagi kashtan daraxtlari osmon qadar bo`y cho`zgan, ularning tagiga o`tqazilgan xmel butun derazani to`sib turardi. Uning uchun bularning hammasi bilan xayrlashish og`ir edi. Axir, u ertaga bu erlarni butunlay tark etadi.

Mos`e Amel darsni oxirigacha etkazishga o`zida kuch topa oldi.

Yozuv- chizuvdan so`ng tarix darsiga o`tdik; keyin barchamiz xor bo`lib, harflarni qaytardik: ba, be, bi, bo, bu. Orqa o`rindiqdagi qariya Xauzar ham ko`zoynagini taqib , alifbeni qo`lida tutgancha bizga jo`r bo`ldi: uning ovozi hayajondan titrab chiqardi; uni eshitib yig`lashni ham, kulishni ham bilmasdik. O, yo`q! Bu dars sira ham yodimdan ko`tarilmaydi…

To`satdan cherkov soati kun yarim bo`lganini, ibodatga shoshilish kerakligini eslatgandek bong ura boshladi. Shu onda deraza tagidan mashg`ulotdan qaytayotgan pruss askarlarining trubalari jarangladi. Mos`e Amelning rangi bo`zdek oqardi va o`rnidan turdi.

Do`stlarim, - dedi u, - do`stlarim, men, men…

Uning bo`g`ziga nimadir tiqilganday bo`ldi. Shunda u qo`liga bo`rni olib, katta harflar bilan kuchining boricha quyidagi so`zlarni yozdi:

“Yashasin Fransiya!”

Keyin u boshini eggancha, stulga o`tirib qotib qoldi va qo`li bilan bizga ishora qildi:

“Endi tamom…Ketinglar.”

Alfons Dode

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.



[1] Shahar boshqarmasi binosi

    Boshqa yangiliklar