2018 yil 2 iyul kuni O`zbekiston musulmonlari idorasida Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti professori, Kembrij Markaziy Osiyo forumi raisi Sidxart Saksena bilan uchrashuv o`tkazildi. Bu haqida idora rasmiy sayti xabar berdi.
O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi direktori Sh.Minavarov joriy yil mart oyida O`zbekiston delegasiyasining Buyuk Britaniyaga safari g`oyat samarali kechgani, ilmiy-ma`rifiy sohada ko`plab kelishuvlarga erishilganini ta`kidladi. Kembrij Markaziy Osiyo forumi bilan ilmiy-tadqiqot va madaniy-ma`rifiy sohadagi hamkorlik ikki mamlakat uchun ham birdek manfaatli bo`lishini qayd etdi.
Uchrashuvda o`zaro tadqiqotchilar almashish, Kembrij universitetida “O`zbek tili” kurslarini tashkil etish, o`zbekistonlik tadqiqotchilarning ilmiy maqolalarini Buyuk Britaniyaning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Kembrij universitetidagi “O`zbek tili” kurslari tinglovchilari uchun o`quv qo`llanmalari tayyorlanayotgani ma`lum qilindi.
Sh.Ziyodov Buyuk Britaniyada o`tkazilgan muzokaralar asosida “Samarqand va Buxoro madrasalari tarixi” va “Maxdumi A`zam majmuasi qabrtoshlaridagi bitiklar katalogi” mavzularida ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Ushbu ilmiy loyihalarni Kembrij universiteti hisobidan moliyalashtirish masalasi muhokama qilindi.
S.Saksena kelishilgan barcha tadbirlar bo`yicha aniq reja ishlab chiqilgani va uning ijrosi bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini ta`kidladi.
Yig`ilish yakunida O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi bilan Kembrij Markaziy Osiyo forumi o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.