Jamoatchilik tuzilmasi rahbari va uning a`zolari sifatida kamida bir yil mobaynida namunali faoliyat olib borgan shaxslar ichki ishlar organlari xizmatiga ustunlik asosida qabul qilinadi.
Hukumatning 2018 yil 3 iyuldagi qarori bilan fuqarolar yig`ining “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi faoliyati takomillashtirildi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.
Xususan, qarorga ko`ra jamoatchilik tuzilmasiga rahbar lavozimiga nomzodlar qoida tariqasida, oliy ma`lumotli, tegishli hududda doimiy yashayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo`lgan O`zbekiston fuqarolari orasidan tanlanadi.
Ichki ishlar organlari xodimlariga qo`yilgan talablarga to`g`ri keladigan “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari va uning a`zolari fuqarolar yig`ini raisi va profilaktika inspektori tavsiyanomasiga ko`ra, ichki ishlar organlari kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
Shuningdek, ichki ishlar organlari kadrlar zaxirasiga kiritilgan Jamoatchilik tuzilmasi rahbari va uning a`zolari sifatida kamida bir yil mobaynida namunali faoliyat olib borgan shaxslar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Kasbiy tayyorgarlik fakultetiga o`qishga hamda ichki ishlar organlari xizmatiga ustunlik asosida qabul qilinadi.
Bundan tashqari, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari lavozimga tayinlangandan so`ng unga belgilangan tartibda guvohnoma, ko`krak nishoni, xizmat kiyimi va xizmat sumkalari beriladi.






