O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, “O`zbekkino” Milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi hamda Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi mamlakatimiz mustaqilligining yigirma etti yilligiga bag`ishlab
“ENG ULUG`, ENG AZIZ” an`anaviy tanlovini e`lon qiladi.
Tanlovga “Aziz va yagonamsan, jonajon O`zbekistonim!” degan ezgu g`oyani o`zida mujassam etgan va 2017 – 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” Davlat dasturining ma`no-mazmuniga muvofiq yaratilgan, davlatimiz va jamiyatimiz qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yo`lga qo`yish, inson manfaatlarini ta`minlash, qonun ustuvorligiga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni yorituvchi; tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan o`zaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlarning mazmun-mohiyatini hayotiy misollar orqali ochib beruvchi ijodiy asarlar qabul qilinadi.
“Eng ulug`, eng aziz” tanlovi quyidagi nominasiyalar bo`yicha o`tkaziladi:
– yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari;
– bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining maqolalari;
– ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro`yxatiga olingan veb-saytlar xodimlarining jurnalistik ishlari;
– televidenie va radio ijodkorlarining materiallari;
– tasviriy san`at, foto asarlari va dizayn ishlari;
– kino san`ati asarlari.
Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlarga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:
– muallif va uning professional faoliyati to`g`risida qisqacha ma`lumot;
– muallifning pasporti nusxasi;
– ish joyidan tavsiyanoma;
– muallifning manzili va bog`lanish telefonlari.
Tanlovga 2017 yilning 1 avgustidan 2018 yilning 1 avgustigacha bo`lgan davrda rasman chop etilgan adabiy-badiiy asarlar, gazeta-jurnallar va internet nashrlarida e`lon qilingan maqolalar, radio va televidenie kanallarida efirga uzatilgan materiallar, namoyish etilgan tasviriy san`at va kino san`ati asarlari joriy yilning 3 avgustigacha qabul qilinadi.
Tanlov g`oliblari Vatanimiz mustaqilligining yigirma etti yillik bayrami arafasida mukofotlanadilar va ularning ro`yxati matbuotda e`lon qilinadi.
Ijodiy ishlar “Eng ulug`, eng aziz” tanloviga deb ko`rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:
100129, Toshkent shahri, Navoiy ko`chasi, 30-uy.
O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi,
O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi,
O`zbekiston “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi.
Telefonlar:244-12-61; 244-64-61; 244-11-64.






