Markaziy bank Boshqaruvi qarori bilan tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operasiyalarini amalga oshirishning yangi tartibi tasdiqlandi, xabar berdi Norma .
Birinchidan, jismoniy shaxslar xalqaro to`lov kartalaridagi (keyingi o`rinlarda XTK) mablag`larni valyuta ayirboshlash shoxobchasidagi to`lov terminallari, chakana amaliyotlar kassalari, avtomatlashtirilgan bank shoxobchasi yoki bankomatlar orqali naqd shaklda echib olishlari mumkin. Bunda jismoniy shaxsga naqd mablag`lar bilan birga tegishli to`lov hujjatlari beriladi.
Bundan tashqari, avtomatlashtirilgan bank shoxobchasida naqd xorijiy valyutani milliy valyutaga ayirboshlash, shuningdek boshqa chakana to`lovlarni amalga oshirish mumkin bo`ladi.
Ikkinchidan, valyuta ayirboshlash shoxobchalari endi XTKdagi mablag`larni naqdlashtirish bilan bir qatorda bojxona chegarasida bojxona to`lovlari va yig`imlarini qabul qiladigan bo`lishdi.
Uchinchidan, bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat ko`rsatish maxsus dasturi joriy qilinadi. Rezident jismoniy shaxslar masofadan turib maxsus dasturdan foydalangan holda chet el valyutasini sotib olish va sotish, XTKdan pul mablag`larini muddatli depozitlarga o`tkazish operasiyalarini amalga oshirishlari mumkin bo`ladi. Buning uchun dasturni kompyuter, planshet, uyali telefon yoki boshqa tegishli qurilmalarga yuklab olish hamda undan foydalanish shartlari bilan bog`liq ofertani qabul qilish lozim.
Bunda onlayn-rejimda valyuta ayirboshlash operasiyalarini amalga oshirish uchun maxsus dasturidan foydalaniladigan tijorat bankida jismoniy shaxs nomiga bank kartasi va XTK ochilgan bo`lishi lozim.






