AsosiyJamiyat

Tahqirlangan ayol: San`at Umarovga hech qanday da`vom yo`q

'Tahqirlangan ayol: San`at Umarovga hech qanday da`vom yo`q 'ning rasmi

"Xabar.uz" nashri jabrlangan ayol, kattaqo`rg`onlik N.T. bilan bog`lanib, u bilan suhbatlashishga muvaffaq bo`ldi.

Uning aytgan so`zlarini quyida e`tiboringizga havola etamiz.

"Yoshim 31 da. Ikki nafar voyaga etmagan farzandim bor. Turmush o`rtog`im ikki yil avval vafot etgan.

Men Kattaqo`rg`on tumanidagi qishloqlarning birida yashayman. Internetda videosi tarqalgan voqea 3 iyun kuni sodir bo`ldi.
Uyga bozorlik qilish uchun borgan paytim bir milisiya xodimi to`xtatib, avval bozordagi kabinetiga olib keldi. Keyin ikki nafar milisiya xodimiga qo`shib shahar ichki ishlar bo`limiga jo`natib yubordi. San`atga o`sha erda ro`para qilishdi.

Ochig`ini aytganda, ilgari yomon yo`lga kirib, o`g`rilikni odat qilganim uchun bir necha bor sudlanganman. Bozordagi milisiya xodimlarining meni tanib qolgani ham shundan. Lekin ancha bo`ldi, bu odatni tashlaganman, dehqonchilik bilan shug`ullanaman.

Ular meni ushlab "melisaxona"ga yuborganini ham bir paytlar yo`l qo`ygan xatolarimga o`yladim — qaysidir jinoyatda mendan shubhalanayotgandir deb o`yladim.

Shahar ichki ishlar bo`limiga olib kelishgandan so`ng San`at Umarov menga hech narsadan hech narsa yo`q "sen o`g`rilik qilib yuribsan", — deya haqorat qila boshladi. "Uyda bolalarim kutib o`tiribdi, men hech narsa qilmadim" desam ham quloq solmadi.

U videoga olishdan oldin bir-ikki marta oyog`imga tepdi. Shunga qo`rqib qoldim. U kiyimlarimni echishga majburlab, o`zi videoga oldi. Yalang`och holda bozorga olib bormoqchi edi, yalinib-yolvorganimdan keyin navbatchi milisiyalarning oldigacha olib borib, izimga qaytardi. Keyin soat beshgacha ushlab o`tirib, qo`yib yubordi.

Mening San`at Umarovga hech qanday da`vom yo`q. Chunki Kattaqo`rg`onda ikki bolamdan boshqa hech kimim yo`q. Bular bilan dushmanlashsam, o`zimga, bolalarimga ziyon etkazishidan qo`rqaman. Shuning uchun hech qaerga shikoyat ham qilganim yo`q.

Viloyat prokuraturasiga shikoyat qilganim yo`q. Lekin men tanimaydigan boshqa odamlar murojaat qilishibdi. Meni chaqirib, voqea qanday bo`lganini tushuntirib berishimni so`rashdi. Bo`lgan voqealarni yozib berdim, bor gap shu", — deyilgan xabarda.

    Boshqa yangiliklar