1

O`limdan oldin (navbahorlik kampir taqdiri)

Mutolaa 05.07.2018, 17:38
O`limdan oldin (navbahorlik kampir taqdiri)

“Tug`ilgan kunimda sizlarning hammalaringizga sovg`am bor” – qarilik qaddini bukkan kampirning bu gapi farzandlarini besaranjom qildi. Axir “kampirsho”ning ettov farzandi ham uy-joyli bo`lganiga necha yillardan oshdi – kafanlikka, deb yig`ib yurilgan nafaqalar million-million bo`lgandir, axir?

Tobora yaqinlashayotgan kun arafasida to`rt o`g`il, ikki qiz uchrashib, kutilayotgan “sovg`a” haqida gaplashib olishdi.

– Agar onamiz pul bersalar tag`in olako`rmang, – katta farzand gap boshladi. – Meni pensiyam kerak bularga, o`zim kerakmas, degan xayolga bormasinlar. Xullas, hech birimiz onamdan biror narsa olmaymiz, vassalom. Beradiganlari bo`lsa mana, kenjamizga bo`laversin.

Orada bir oz jimlik cho`kdi. “Xufya uchrashuv”ni qizlardan birining shiviri buzdi.

— Aka, onam yig`gan pullarini bizga bermoqchi bo`lsalar, olmasak ham ranjimaydilarmi? Biz-ku mayli, singlimiz yaqinda to`y qilgan, hech bo`lmasa unga ruxsat beraylik.

Oxirgi kelishuv shu bo`ldi. “Sovg`a” egasi aniqlandi.

Tug`ilgan kun. Ertalab. Kenja farzand onani tabriklash uchun uning huzuriga kirarkan, zum o`tmay faryod solgancha otilib tashqariga chiqdi. Bir zumda hammayoq ari uyasiga o`xshab qoldi – farzandlar, nevaralar shu erga yig`idi. “Damas”da kelgan oq xalat kiygan shifokorlar onani tibbiy tekshiruvdan o`tkazib, “ayrilibsizlar”, degan javobni aytishdi.

Kampir tug`ilgan kunida qabrga qo`yildi. Uning qanday sovg`a haqida gapirganiyu, nimani nazarda tutgani sirligicha qoldi. Keyinchalik kafanlikka, deb hech narsa yig`magani ham ma`lum bo`ldi. Unga tegishli eski sandiqda rahmatli turmush o`rtog`iga aloqador narsalardan boshqa buyum yo`q edi.

Shu-shu farzandlarning onalaridan qilgan ta`malari butun umrlik saboqqa aylanib, har eslanganda ularning qalbida bir armonni paydo qilardi…

Ozod MUSTAFOEV.

navoitoday.uzdan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1