Jizzax shahrida "Mahalla posboni" jamoatchilik tuzilmasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish, ularga zarur sharoitlar yaratish masalalariga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Ichki ishlar bo`limi boshliqlarining, mahallalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha tuman, shahar kengashlari raislarining yoshlar ishlari bo`yicha o`rinbosarlari, mahalla fuqarolar yig`inlari raislari, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda shahardagi “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbarlariga xizmat kiyimi, velosiped, fonar hamda xizmat telefonlari topshirildi.
– Mahalla tinch – mamlakat tinch, degan gap bejiz aytilmagan, – deydi “Bog`ishamol” MFY “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari Sayfiddin Ne`matov. – Velosiped, ish kiyimi, xizmat telefoni, fonar berilgani hududimizda osoyishtalikni saqlashdagi faoliyatimizni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu qulaylikdan foydalanib, shahrimizni “Xavfsiz hudud”ga aylantirishga hissa qo`shishga harakat qilamiz.
Mahallalar faoliyatini o`rganish bo`yicha jamoatchilik komissiyasi xulosasiga ko`ra, “Eng faol mahalla fuqarolar yig`ini raisi”, “Eng faol mahalla profilaktika inspektori”, “Eng faol mahalla posboni jamoatchilik tuzilmasi rahbari”, “Eng faol mahalla mas`ul kotibi”, “Eng faol jamoatchilik a`zosi”, “Eng faol yoshlar ishlari bo`yicha o`rinbosar”, “Eng faol xotin-qizlar mutaxassisi” nominasiyalari bo`yicha g`olib deb topilgan mahalla fuqarolar yig`inlari xodimlari diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida fuqarolarning o`zini o`zini boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha viloyat kengashi tomonidan shahardagi “Ravalliq”, “Navro`z”, “Turon” mahalla fuqarolar yig`inlariga kompyuter jamlanmalari berildi.






