"Sizdan minnatdorman, qalbi uyg`oq aziz yurtdoshim!"

Mutolaa 06.07.2018, 16:50
"Sizdan minnatdorman, qalbi uyg`oq aziz yurtdoshim!"

Kecha ishdan qaytayotib bozorga kirdik. Men mashinada qoladigan, turmush o`rtog`im xarid qilib chiqadigan bo`ldi.

Biroz muddat o`tgach, sal narida chamasi to`rt-besh yoshlardagi bolakay velosipedda yo`lni kesib o`tishga chog`langani e`tiborimni tortdi. U velosipedida oldinga yurar, biroq mashinalarning tig`iz qatnovi bois yana ortga chekinardi. Shunda menda darrov bolani yo`lning narigi betiga o`tkazib qo`yish fikri tug`ildi.

Shu payt yo`l chekkasida to`xtagan mashinadan tushgan kishi tezda bolaning oldiga kelib: “Yo`ldan o`tkazib qo`yaymi?”, - dedi. Bolakay bosh irg`adi. Yo`lovchi atrofga boqib, bolaning ota-onasini izladi. Uyi qaerda ekanini so`raganida esa u o`zi turgan tarafni ko`rsatdi.

Shunda yo`lovchining: “Qani, uyingga tez yugur-chi, yo`lga yaqinlashsang, naq qulog`ingni kesib olaman-a”,- degan “po`pisa”sidan keyin bola uyi tomonga velosipedini “uchirib” ketdi.

Bir-ikki daqiqa orasida yuz bergan bu kichik voqeani kuzatib, atrofimizda loqayd bo`lmagan, sergak, uyg`oq nigohli, o`zgalar farzandini o`ziniki kabi avaylovchi insonlar borligidan qalbim quvonchga to`ldi. Ayniqsa, bugun ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan dunyoning turli nuqtalarida bolalar bilan bog`liq noxush xabarlardan zada bo`lgan bir paytda bu manzara ko`nglimni nurafshon etdi.

Agar bola yo`ldan o`tkazib qo`yilmaganida adashib qolishi, bee`tibor bo`linganida esa falokatga yo`liqishi mumkin edi. Shularni o`ylab, dilimdan shunday kechinma o`tdi:

“Sizdan minnatdorman, qalbi uyg`oq aziz yurtdoshim!”

"mahalladosh.uz"dan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1