AsosiyJamiyat

Mehnat migrasiyasi tizimidagi muammolar qachon barham topadi?

'Mehnat migrasiyasi tizimidagi muammolar qachon barham topadi?'ning rasmi

Mehnat migrasiyasi. Ochig`i, keyingi paytda ushbu masalaga qarash tubdan o`zgardi. Sohadagi muammolar ochiq-oydin e`tirof ham etildi, uning oldini olish bo`yicha katta harakatlar boshlandi, olisdagi yaqinlarimiz, vatandoshlarimizning huquqini tiklash borasida choralar ko`rilmoqda.

Lekin shuncha choralar ko`rilishiga qaramasdan, hamon katta miqdordagi noqonuniy mehnat migrasiyasi mavjud. O`tgan yil yakunlariga ko`ra, ish topish ilinjida 1 million 630 mingdan ortiq fuqarolarimiz mamlakatni tark etgan. Ulardan bir million nafarga yaqini, aniqrog`i, 944 328 nafari Rossiya Federasiyasiga, 626 791 nafari Qozog`istonga, qolganlari Turkiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga chiqib ketgan. Bu haqda «Xalq so`zi» nashriga ma`lumot berildi.

Tan olish kerak, yurtdoshlarimizni chet elda uyushgan holda ishga joylashtirish ko`rsatkichlari juda ham past, musofirlik nonini eb, xorijda ishlab qaytgan fuqarolarni o`zimizda ish bilan ta`minlash masalasi ham sustligicha qolmoqda.

Prezidentimiz tomonidan imzolangan «O`zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migrasiya tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori sohada echimini topmayotgan ana shunday og`riqli muammolarni bartaraf qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorga muvofiq, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab, chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarimizning malakalarini, jumladan, kasbiy va xorijiy tillarni bilish ko`nikmalariga egalik darajasini tasdiqlash vakolatlari beriladi.

«Shu kunga qadar aksariyat hollarda bu yo`nalishda fuqarolarimizning malakasi tasdiqlanmagan. Shu bois ular chet davlatlarga borib, malaka talab qilmaydigan, dehqonchasiga aytganda «qora» ishlar bilan shug`ullangan. Endilikda fuqarolarimiz xorijga ishlash uchun boradigan bo`lsa, ularning malakasini tasdiqlaydigan yangi tartib joriy qilinmoqda», — deydi O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshlig`i Ravshan Ibrohimov.

Yana bir yangilik. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi tashkil etiladi. Jamg`arma daromadlari davlat byudjetidan ajratiladigan 200 milliard so`m miqdoridagi bir martalik beg`araz moliyaviy yordam orqali shakllantiriladi.

Bu mablag`lar xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo`ravonlik, majburiy mehnat va kamsitishdan jabrlangan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, og`ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag`siz qolgan fuqarolarni huquqiy hamda ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularga moddiy yordam ko`rsatish kabi maqsadlarga sarflanadi.

    Boshqa yangiliklar