AsosiyJamiyat

Mudofaa vazirligi harbiy qism mutaxassisi “Mard o`g`lon” Davlat mukofoti bilan taqdirlandi

'Mudofaa vazirligi harbiy qism mutaxassisi “Mard o`g`lon” Davlat mukofoti bilan taqdirlandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 28 iyunda qabul qilingan “Mard o`g`lon” Davlat mukofoti bilan taqdirlash to`g`risida”gi qaroriga muvofiq Mudofaa vazirligi harbiy qism mutaxassisi Behzod Xolyigitov ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo`ldi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Prezidenti 2017 yil 5 iyulda “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida”gi farmonni, shuningdek, 2017 yil 21 noyabrda “Mard o`g`lon” davlat mukofotini ta`sis etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorni imzolagan edi.

“Mard o`g`lon” davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga “Yoshlar kuni” arafasida o`tkaziladigan tantanalarda sovrindorlik diplomlari va ko`krak nishonlari topshirildi.


“Kamtarona xizmatlarim uchun davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlanganimdan xursandman. Men bolalikdan harbiy bo`lishni orzu qildim. Vatanimning manfaatlarini har qaerda, har qanday sharoitda bor kuchim bilan himoya qilaman. Taqdirlash marosimida Jizzax viloyati hokimi “Mard o`g`lon” davlat mukofoti, diplom va Prezidentimizning sovg`asi – qimmatbaho qo`l soatini, ota-onamga esa “Tashakkurnoma” taqdim etdi. Oilamiz xursandchiligini so`z bilan ifodalay olmayman. Ushbu mukofot yana bir – Qurolli Kuchlar akademiyasiga tahsil olish orzumning ushalishiga zamin yaratdi. Bizni Xalqaro armiya o`yinlariga tayyorlagan podpolkovniklar Baxtiyor Qosimov va Vyacheslav Lakota, mayorlar Isroil Yusupov va Anzor Meliev, kapitan Muhammadsoli Do`stqulov kabi fidoyi ustozlarga rahmat aytaman. Ularning mehnati tufayli 2017 yilda muvaffasiyatlarga erishdik. Hozirda shu yilning iyul – avgust oylarida Rossiya Federasiyasida bo`lib o`tadigan IV Xalqaro armiya o`yinlarining “Qo`shin razvedkachilari a`lochilari” yo`nalishiga jamoa tarkibida tayyorgarlik ko`ryapmiz. Maqsadimiz kelgusida faqat va faqat oliy o`rinni qo`lga kiritib, milliy armiyamiz sha`nini ko`klarga ko`tarish”, — deydi Behzod Xolyigitov.

«Mard o`g`lon» davlat mukofoti sohiblari bo`lgan umumta`lim va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarining o`quvchilari oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga, oliy o`quv yurtlari talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistratura boskichiga tegishli yo`nalish bo`yicha kirish imtihonlarisiz davlat grantlari asosida kabul kilinadilar. Mukofotga talabgorlar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo`yicha Komissiya tomonidan ko`rib chiqiladi. Uning natijalariga ko`ra Komissiya tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritiladi. Davlat mukofoti bilan taqdirlash O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi va unga eng kam oylik ish xakining 50 baravari miqdorida pul mukofoti belgilanadi.

    Boshqa yangiliklar