AsosiyJamiyat

Fuqarolar yig`ini tomonidan beriladigan ma`lumotnomalar soni qisqaradi

'Fuqarolar yig`ini tomonidan beriladigan ma`lumotnomalar soni qisqaradi'ning rasmi

Adliya vazirligidan ma`lum qilishlaricha, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining ma`lumotnomalari va boshqa hujjatlarini taqdim qilish talabini bekor qilishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Unda 31ta normativ-huquqiy hujjatdagi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining ma`lumotnomalarini taqdim qilish talabini bekor qilishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi. Loyihada quydagi ma`lumotnoma va boshqa hujjatlarni taqdim qilish talabini bekor qilishni nazarda tutilmoqda:

— turar joydan (propiska), shu jumladan, birgalikda;

— ishsizlik (vaqtincha yoki doimiy);

— bolalarni, yolg`iz shaxslar, pensionerlar, nogironligi bo`lgan shaxslarni parvarish qilish bo`yicha vaqt;

— shaxs haqida tavsifnoma.

Shuningdek, loyiha bilan tegishli xizmatlarni ko`rsatish uchun zarur bo`lgan tasdiqlovchi ma`lumotni tegishli ma`lumotlar bazasini (reestrlar, ro`yxatga olish kitoblari, arxivlar va x.k.) yuritishga vakolatli davlat organlaridan so`rash kerakligi belgilab beriladi.

Loyihaning qabul qilinishi aholi uchun qo`shimcha qulayliklar yaratilishini, davlat xizmatlarining sifati, tezkorligi, shaffofligi va ochiqligini ta`minlaydi.

O`z navbatida, mahallalarning oilaning moddiy ahvoli, a`zolari (qarindoshlik darajasi) va boshqa hujjatlar (kafolat va kafillik xatlari, yozma tavsiyalar va iltimosnomalar) berish huquqi saqlanib qoladi. Bunda ushbu harakatlar xalqqa eng yaqin tuzilma hisoblangan o`zini o`zi boshqarish organlari vazifalariga to`liq mos kelishi hisobga olindi.

Zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish va markazlashgan ma`lumotlar bazasi (arxivlar, reestrlar va h.k)ni tashkil qilish natijasida bundan keyin mahallalardan ma`lumotnoma olishga bo`lgan ehtiyoj kisqarib boraveradi.

    Boshqa yangiliklar