Afg`onistonda amaliy tashrif bilan bo`lib turgan O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi Hukumat delegasiyasi 8 iyul kuni «Arg» saroyida prezident Muhammad Ashraf G`ani tomonidan qabul qilindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida vazir O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Afg`oniston rahbariga iliq salom va ezgu tilaklarini etkazdi.
Bo`lib o`tgan suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, avvalo Afg`oniston Prezidentining 2017 yil dekabr oyida O`zbekistonga rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni tadbiq etish jarayoni muhokama qilindi. Shu o`rinda yirik qo`shma investisiya, transport-kommunikasiya, savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi.
Uchrashuvda Termiz shahrida Afg`oniston konsulxonasini ochishga O`zbekiston roziligi tasdiqlandi.
Shuningdek, Afg`oniston va chegaradosh mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
2018 yil mart oyida Afg`oniston bo`yicha Toshkent xalqaro konferensiyasida ishtirok etgan va batafsil nutq so`zlagan prezident Muhammad Ashraf G`ani o`z mamlakatida tinchlik jarayoniga ko`maklashishga qaratilgan faol sa`y-harakat uchun O`zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.






