Suratda: K.Alikov (o`ngdan birinchi) tengdoshlari bilan.
Kamol Alikovga yaqinda Prezidentimiz tomonidan ta`sis etilgan "Mard o`g`lon" mukofotining topshirilishi zamirida uning mardligi, bukilmas irodasi sabab bo`lgan bo`lsa ajabmas.
– 12 yoshimda ham otam, ham onamdan ayrilib, bemor xolamning qaramog`ida qoldim, – deydi Samarqand tumanida yashovchi K.Alikov. – Oradan bir-ikki yil o`tgach, sharoitning o`zi meni ishlashga, kun ko`rishga majbur etdi. Restoranda xizmatchi, qandolat sexida xamir qoruvchi, un tashuvchi bo`ldim. Orada maktab, keyinchalik kollejda o`qidim. Keyin tadbirkorlikka qo`l urdim. Ortiqcha mablag`im yo`qligi bois bir muddat shirinlik ishlab chiqarish sexlarida tajriba orttirdim…
Shu tariqa Kamol bir necha yil o`zining tadbirkorlik haqidagi biznes loyihasini qo`ltiqlab idorama-idora yugurdi. Dastlab garovga qo`yadigan mulki yo`qligi sabab bankdan kredit ololmadi. Tadbirkorlikka oid ko`plab tanlovlarda o`zini sinab ko`rdi. Biroq harakatlari samarasiz ketaverdi.
Yoshlar ittifoqi tashkil topgach, ushbu tashkilotga biznes-rejasini taqdim qildi. Ko`p o`tmay uning loyihasi ma`qul topilib, 35 million so`m miqdorida foizsiz kredit olishga muvaffaq bo`ldi. Nihoyat, o`tgan yili 10 xildan ortiq shirinlik ishlab chiqaruvchi "Registon Kamoljon" xususiy korxonasini ishga tushirdi va olti nafar tengdoshini ish bilan ta`minladi.
Bugun qilayotgan ishidan qoniqish hosil qilgan Kamol ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam qo`lini cho`zuvchi "Tadbirkorlar klubi"ni ochib, klubning xayriya fondi hisobidan ishsiz yoshlarni malakali mutaxassis va usta-hunarmandlarga biriktirish, ularning jamiyatda o`z o`rnini topishiga ko`maklashmoqchi.
– Yana 250-300 million so`m kredit olish uchun yangi biznes loyihamni ishlab chiqdim, – deydi u. – Mazkur loyiham tasdiqlansa, sexlar sonini ko`paytirib, yana 25 nafar o`zimga o`xshagan etim va boquvchisini yo`qotgan yoshlarni mehnatga jalb qilmoqchiman. Qolaversa, faoliyatimni jahon miqyosida kengaytirish uchun yangi biznes-reja ham tayyorlab qo`yganman.
K.Alikovning ko`p yillik mehnati o`z samarasini ko`rsatdi va mana shunday davlat mukofotini olishiga sabab bo`ldi. Bu mukofot esa uning qiziqqan sohasi bo`yicha oliy o`quv yurtida imtiyoz asosida o`qishi uchun imkoniyat eshigini ochdi. Yuksak ma`naviyatli, erkin fikrlovchi, yuqori salohiyatga ega, yurt istiqboli uchun xizmat qiladigan shunday fidoyi yoshlarning borligi porloq kelajakka bo`lgan ishonchimizni yanada oshiradi. Kamolga o`xshagan jasoratli yoshlarning boriga shukur.
Boboxon SULTONMAHMUDOV.
zarnewsdan olindi






