Joriy yil 12 iyul kuni O`zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasi (sobiq Toshkent oliy umumqo`shin qo`mondonlik bilim yurti) tashkil etilganiga 100 yil to`ladi. Shu munosabat bilan 11-12 iyul kunlari Qurolli Kuchlar akademiyasida tantanali tadbir o`tkaziladi.
Oliy harbiy ta`lim muassasadan etishib chiqqan ko`plab o`z kasbining mohir bilimdoni bo`lgan ofiser va generallar Qurolli Kuchlar faxriga aylangan. Bugun mazkur oliy harbiy ta`lim muassasasi Qurolli Kuchlar akademiyasiga aylantirilgan bo`lib, uni yanada rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan tub islohotlar izchil davom ettirilyapti.
Qutlug` sana munosabati bilan tashkil etiladigan tadbir doirasida 11 iyul kuni xalqaro harbiy-ilmiy konferensiya bo`lib o`tishi rejalashtirilgan. Unda oliy harbiy ta`lim muassasasining Qurolli Kuchlar va Vatan himoyasi uchun ofiser kadrlar tayyorlashdagi tarixiy hissasi haqida so`z boradi.
Bilim yurti tarixi haqida tayyorlanayotgan kitob, buklet, hujjatli film, videoroliklar hamda esdalik sovg`alari bayramga munosib tuhfa bo`ladi. Ta`lim muassasasi sobiq bitiruvchilari, faxriylar hamda tadbir mehmonlari uchun akademiya bo`ylab ekskursiyalar tashkil qilinadi.