"Aziz va yagonamsan, jonajon O`zbekistonim!" shiori ostida "Yosh innovasiyachi" ko`rik-tanlovining Respublika bosqichi bo`lib o`tdi, deb xabar berdi O‘zLiDeP matbuot xizmati. Unda Respubilikamizning har bir hududidan iste`dodli yoshlar o`zlarining innovasion loyihalari bilan qatnashdilar.
Ana shunday ishtirokchilardan biri Bulung`ur maishiy xizmat ko`rsatish kasb-hunar kolleji o`quvchisi Nurmuhammad Fayzullaevdir. U dukkakli ekinliklar ekishga mo`ljallangan, yoqilg`i ishlatilmaydigan yangi uskuna yaratdi.
– Ushbu uskuna makkajo`xori va loviya urug`larini ekishga mo`ljallangan, – deydi N. Fayzullaev. – Endi bu moslamani soya ekishga ham moslashtirmoqchimiz, Bu uskunadan ilk bor aprel oyida foydalanganmiz va uning hosilini yig`ib bozorga olib chiqib sotyapmiz. Yana bir afzallik jihati shundaki, agar qo`l mehnatidan foydalangan holda urug`larni ekadigan bo`lsak, bir kunda 8-10 sotixga ekin ekish mumkin, ushbu moslama orqali esa bir kunda 45-50 sotix erga urug` ekish mumkin. Yana bir e`tiborli jihati, bu moslamani yaratish uchun bor yo`g`i 753 ming so`m harajat qilindi.






