O`zbekistonda yangi mavsumda qo`lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun 700 so`m haq to`lanishi mumkin. Bu Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan «2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig`ib-terib olish bosqichlarida mehnatga haq to`lash tarif stavkalarini tasdiqlash to`g`risid»gi hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan, deya xabar beradi "Xalq so`zi".
Unga ko`ra, 2018 yil hosili uchun etishtirilgan paxta xom ashyosini terib olishda qo`lda terilgan 1 kilogramm paxta xom ashyosi uchun to`lanadigan mehnat haqini birinchi bosqichda - 700 so`m, ikkinchi bosqichda - 800 so`m qilib belgilash taklif qilingan.
Shuningdek, mashinada terilgan paxta xomashyosining 1 tonnasi uchun 350 000 so`mdan xizmat haqi to`lash to`g`risidagi taklifi ham o`rtaga tashlangan.
Mazkur takliflar Hukumatga O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “O`zpaxtasanoat” va “O`zagroservis” aksiyadorlik jamiyatlari hamda O`zbekiston Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi tomonidan berilgan.
Eslatib o`tamiz, 2017 yil hosili uchun etishtirilgan paxta xom ashyosini terib olishda qo`lda terilgan 1 kilogramm paxta xom ashyosi uchun to`lanadigan mehnat haqi birinchi bosqichda - 450 so`mni (keyinchalik 500 va 700 so`mgacha oshirilgan) tashkil qilgan. Shuningdek, mashinada terilgan paxta xomashyosining 1 tonnasi uchun 260 000 so`mdan xizmat haqi to`langandi.






