Sharqiy harbiy okrug dala o`quv maydonida XI parashyut sporti bo`yicha ochiq musobaqasi o`lib o`tdi deb, хаbar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Sakrashlar Mi-8 harbiy vertolyotidan salkam 3 ming metr balandlikdan amalga oshirildi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Farg`ona viloyatiga tashrifi chog`ida Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda ham bo`lib, havo desantchilari tayyorgarligini oshirib borish uchun aerodinamik trenajyorlar o`rnatish, «Vatanparvar» tashkilotlari qoshida parashyutchilar to`garaklari ochish bo`yicha muhim topshiriqlar bergan edi.

“Ushbu musobaqadan umidimiz katta. Asosiy maqsadimiz Qurolli Kuchlarimizda parashyut sportini ommalashtirish, professional parashyutchilarni etishtirish va eng asosiysi, yoshlarimiz orasida havo-desant bo`linmalarida xizmat qilishga bo`lgan ishtiyoqni oshirishdan iborat”, — deydi harbiy okrug havo-desant xizmati boshlig`i podpolkovnik Mardonbek Eshanov.

3 kun davom etgan musobaqada aniqlikka parashyut bilan sakrash yo`nalishi bo`yicha 1-o`rin kichik serjant Muzaffar Qahhorovga nasib etgan bo`lsa, 2-o`rinni Mixail Lenchenko, 3-o`rinni katta serjant Altinboy Klshov egalladi.

Jamoaviy tarkibda parashyut bilan aniqlikka sakrash yo`nalishida 1-o`rin O`zbekiston Respublikasi parashyut sporti federasiyasi “Aerosport” jamoasiga, 2-o`rin Toshkent harbiy okrugi “Lochin” jamoasiga, 3-o`rin esa Mudofaa vazirligi markaziy apparatining “Mergan” jamoasiga nasib etdi.
Musobaqada jamoalarni tayyorlash bo`yicha eng yaxshi murabbiy nomiga O`zbekiston Respublikasi parashyut sporti federasiyasi mutaxassisi Aleksey Borshuk sazovor bo`ldi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Mudofaa vazirligi desantchilari joriy yilning iyun oyida Tuyabo`g`iz suv omborida parashyutdan suvga sakrash amaliyotini bajargan edi.






