Samarqanddagi Yangiobod mahallasida yashovchi oila do`kon yuritib kelayotgan edi.
O`sha kuni ona o`g`li bilan do`konni 14 yashar qizaloqqa qoldirib bozorga ketdi. Biroz vaqt o`tgach, xaridor kirib keldi va sigareta xarid qildi. 18 yashar bola sigaretaning shu erning o`zida tutatib olishni so`radi. Yoqilgan olov portlashga sabab bo`ldi.
Tanasining 80 foizidan ortig`i kuygan o`g`il va qiz respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialining kuyish bo`limiga yotqizildi. Biroq shifokorlarning urinishlari zoe ketdi.

O`spirinning yuragi fojiadan uch kun o`tib to`xtadi. To`rtinchi kuni qiz ham vafot etdi, deb yozadi “Samarkandskiy vestnik” gazetasi.
“Markazgazta`minot” UK bosh muhandisi X.Bobomurodovning so`zlariga ko`ra, voqea joyida ekspertiza o`tkazildi. Tahlillar shuni ko`rsatdiki, maishiy gaz trubalar korroziyaga uchragani tufayli sizib chiqqan.
- Mahallamiz hududida shimoliy taqsimlash stansiyasidan g`isht zavodigacha gaz trubalari yotqizilgan, - deydi Yangiobod mahalla fuqarolar yig`ini raisi U.Po`latov. – Shu erning o`zidan yoqilg`i quyish shoxobchalariga ham quvurlar tortilgan. Barcha quvurlar yuk mashinalar o`tuvchi avtomobil yo`li tagidan o`tgan. Mutaxassislar gaz sizib chiqqan quvur teshigini topishdi. Do`kon gaz tarmoqlariga ulanmaganiga qaramasdan gaz tuproq orqali, balki kemiruvchilar inlaridan o`tib, xonada to`plangan. Yoqilgan sigareta portlashga sabab bo`lgan. Bu voqeadan so`ng "Biz porox ustida yashayotgandaymiz", deb xavotirda qoldik. Axir, istalgan paytda, istalgan joydan gaz sizib chiqishi mumkin-da.
Nashrda keltirilishicha, voqea joyi hududidan ko`plab gaz trubalari o`tgan. Teshik paydo bo`lgan quvur Samarqand g`isht zavodlaridan biriga tegishli. Ularni qoida bo`yicha olib borilishi kerak bo`lgan tekshirish ishlari oxirgi marta qachon o`tkazilgani noma`lum.
Demakki, mahallada yashovchi deyarli yuz kishining xavfsizligiga kafolat yo`q, deb xulosa qiladi maqola muallifi.






