“Nukus” xalqaro aeroportida yangi terminal ishga tushirildi (foto)
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori ijrosi doirasida “Nukus” xalqaro aeroportida soatiga 400 nafar yo`lovchiga xizmat ko`rsatish imkoniga ega yangi yo`lovchi terminali ishga tushirildi.
Bu “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi tomonidan hukumat ko`magida mamlakat sayyohlik salohiyatini oshirish, yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish va respublika aeroportlarining infratuzilmasini modernizasiya qilish bo`yicha amalga oshirilgan navbatdagi loyihadir.
Yangi terminal yo`lovchilar va ularning yuklariga xalqaro standartlarga muvofiq xizmat ko`rsatish imkonini beradigan eng ilg`or texnologiyalar bilan jihozlangan. Binoda aviasiya xavfsizligini yuqori darajada ta`minlash uchun zamonaviy muhandislik va texnologik jihozlar o`rnatilgan. Shuningdek, parvoz oldi nazorati va yuk olish maydonlari kengaytirilgan hamda ro`yxatdan o`tish ustunlari soni ko`paytirilgan. Terminalda mahalliy va xalqaro aviayo`nalishlar uchun yo`lovchilar zali, ona-bola xonalari, tibbiyot punkti, valyuta ayirboshlash shoxobchalari, suvenir do`konlari, kafe-bar va boshqa qulayliklar yo`lovchilar uchun muhayyo etilgan. Eslatib o`tamiz, “Nukus” xalqaro aeroporti har qanday rusumdagi samolyot va vertolyotlarni qabul qilish imkoniga ega. Uchish-qo`nish yo`lagining uzunligi 3 ming metr, kengligi 45 metrdan iborat. Aerodromda xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy yoritish-signal va aeronavigasiya uskunalari o`rnatilgan.