1

Shonli va qonli kunni yod etib

Dunyo 17.07.2018, 09:43
Shonli va qonli kunni yod etib

Bundan ikki yil muqaddam Turkiya Respublikasida bir guruh harbiylar, muxolif kuchlar mamlakatda hukumat boshqaruvini qo`lga olishga uringan, natijada xadq o`z Vatanini himoyalash uchun ko`chaga chiqqan, yuz bergan harbiy to`qnashuvda yuzlab begunoh insonlar nobud bo`lgandi. Xoinlarning niyati amalga oshmadi. Ushbu kun mamlakat tarixida turk xalqining birdamligi, hamjihatlari tantanasi sifatida oltin harflar bilan bitildi. Yaqinda Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasida o`tkazilgan matbuot anjumanida qardosh o`lkaning favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen ana shu unutilmas, qonli va shonli kun tafsilotlari bilan o`rtoqlashdi.

– Turkiya Qurolli Kuchlari orasida joylashib olgan “Fetullaxchi terror tashkiloti” (FETO) a`zolari 2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada qonli davlat to`ntarishini amalga oshirishga uringan edi.

Ma`lumki, ushbu to`daning asoschisi Fetxullax Gulen qirq yildirki hukumatni qo`lga kiritish uchun kurashib keladi. U o`zining chirkin maqsadlariga erishish uchun har qanday tubanlik va qabohatdan qaytmaydi. Afsuski, uning minglab tarafdorlari mamlakatning barcha hududlari bo`ylab zararli virus singari yoyilgan, ular turli davlat muassasalarida, boshqaruv idoralarida, ta`lim dargohlarida, qurolli kuchlar tizimida ishlab kelishardi. 16 iyul voqealarining uning va safdoshlarining asl basharasini butun dunyoga yana bir bor namoyon etdi.

Bu urinish mamlakatning Anqara va Istanbul shaharlarida bir vaqtda boshlangan, Istanbulda Bo`g`ozichi va Fatih Sulton Mehmet ko`priklari, Otaturk nomidagi xalqaro aeroport va Istanbul Ichki ishlar bosh boshqarmasi binolari terrorist to`ntaruvchilar tomonidan qisqa vaqtga bo`lsa-da qo`lga olingan, ichki ishlar va milliy xavfsizlik idoralariga tegishli ba`zi binolarga samolet va vertoletlar bilan xujum uyushtirilgan.

Turkiya Respublikasi tarixida ilk marotaba Prezident Devoni, Bosh vazir mahkamasi va Turkiya Parlamenti binosi terrorchilar tomonidan bombardimon qilindi.

Davlat to`ntarishiga urinish harakatlari boshlangandan biroz vaqt o`tib, televidenieda, jonli efirda xalqqa murojaat qilgan Prezident Erdo`g`an bu harakatlarni Turkiya Qurolli Kuchlari ichiga sizib kirgan terroristik tashkilot a`zolaridan tashkil topgan bir hovuch xoinlarning ishi ekanligini aytdi va turk xalqini demokratiya va milliy irodasini himoya qilish uchun ko`chalarga chiqib terroristik to`ntarishga qarshi oyoqqa turishga chaqirdi. Bu da`vatga javoban Turkiyaning barcha viloyatlar va shaharlarida yuz minglab aholi to`ntarish harakatlariga to`sqinlik qilish uchun ko`chalarga otildi.

O`sha kecha sodir bo`lgan voqealar Turk armiyasi ichiga uzoq yillar davomida makkorona sizib kirgan xoinlarning, o`zini “koinot imomi” deb bilgan iblis gumashtalarining Vatanga qarshi xujumi edi. Ular xalqning qurollarini qo`lga kiritib, shu qurollardan xalqqa o`q uzgan sotqinlar edi. O`z parlamentini bombardimon qilgan, qurolsiz hamyurtlarini tanklar bilan majaqlab, harbiy uchoqlarda o`qqa tutgan terrorchilarni yana qanday atash mumkin?

Bu xoinona urinishlar turk xalqining 251 nafar erksevar, millatsevar farzandidan judo qildi. 2000 dan ortiq fuqaroni jarohatladi. Ammo, xalqning irodasini buka olmadi.

Turk xalqi o`sha kecha juda qiyin sharoitlarda, bahamjihatlik ko`rsatib xiyonatga qarshi turdi, o`z etakchisi atrofida jipslashib yangi tarixni bitdi. 15 iyul sanasi Turkiya Respublikasi va xalqi tarixida demokratiya g`alaba qilgan kun sifatida o`rin oldi.

Ortga qaraganimizda, bu alamli voqeadan keyin turk xalqi uchun ulkan g`urur manbai yuzaga kelganini ko`ramiz. Bu g`urur turk xalqining milliy irodasi va demokratiyani himoyalashdagi jasorati va qat`iyligiga asoslanadi.

Turkiyaning mard, jasur farzandlari 15 iyul kechasi demokratiyaning osonlik bilan qo`lga kiritilmasligi, uning uchun jon olib jon berilishi lozimligini butun jahonga namoyish etdi. Turkiyaga qurolli to`dalar emas, faqatgina demokratik asosda saylangan hukumat va milliy iroda hokim bo`lishi mumkinligini ko`rsatib qo`ydi.

Turkiya hukumati 15 iyul voqealaridan keyin o`tgan ikki yil davomida ushbu xiyonatda ishtirok etgan kimsalarni aniqlab, ularning katta qismini javobgarlikka tortdi. Ko`rilgan tadbirlar natijasida to`daning Turkiyadagi tarmoqlari yo`q qilindi. Biroq ushbu terror tashkilotining mamlakat tashqaridagi ham a`zolari, tarafdorlari ko`p. Ular nafaqat turkiya, balki boshqa mamlakatlar xavfsizligiga ham tahdid solib turibdi. Turkiya barcha do`st va qardosh mamlakatlarni ana shunday xoin to`dlar, jinoiy guruhlar, terrorchilar tashkilotlardan ogoh bo`lishga, ularga qarshi birgalikda kurashishga chaqiradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1