1

Jahongir Xo`jaev: «Ko`p gapirsam-da, romantikman!»

Madaniyat 18.07.2018, 10:35
Jahongir Xo`jaev: «Ko`p gapirsam-da, romantikman!»

Yaqinda tanishlarimdan biri «Real-xit» ko`rsatuvini ko`rdingizmi? Tomlarda kamera bilan yurishga ham qo`rqishmadi-ya» deb qoldi. Shu gap bahona bo`lib dastur boshlovchisi Jahongir Xo`jaevni suhbatga chorladim.

Jahongir, siz haqingizda gap ochilguday bo`lsa «qonida san`atkorlik bor» deyishadi. Nima uchun onangiz Guli Asalxo`jaeva singari qo`shiqchilikni emas, boshlovchilikni tanladingiz?

— Men asli, boshlovchi emas, rejissyorman. Institutimizda «ZO`R TV»ga kasting bo`layotganini eshitib, o`zimni rejissurada sinab ko`rmoqchi bo`ldim. Do`stlarim bilan «Real-xit» dasturini taklif etganimizda, o`zingiz boshlovchilik qilavering, deyishdi... Asli, 5 yoshimda Mavluda xolam xorijdan kichkina kamera olib kelib berganlaridan beri kichik-kichik filmlar suratga ola boshlaganman.

— Odamlar o`rtasida Mavluda Asalxo`jaeva klipga jiyanini olib, pulini tejadi degan gap-so`zlar tarqadi...

— Uyda onamning «Aldading» qo`shig`iga klip g`oyasini muhokama qilishayotganida o`zimcha ba`zi fikrlarni bildirgandim. Klipga Asqar Іikmatovni taklif etamiz deyishganida dadam «O`zi o`ynayversin», deganlar. Shundan keyin xolamning ham kliplarida suratga tushdim. Hozirgacha 10 ga yaqin kliplarda qatnashdim. Lekin endi yangilarini rad etyapman. Chunki tomoshabinlar «Klipdagi bola-ku» deyishlarini istamayman.

Qaysi rejissyorning ijodiga qiziqasiz?

— Meni Jeyms Kemeronning ijodi o`ziga ohanraboday tortadi. Chunki ustozim, Ilhom Sodiqov shu insonning suhbatida bo`lgan. Jeyms Kemeron «Dunyodagi 3D yoki 7D li kinoteatr qaerda, deb so`raguday bo`lsangiz, men kitobda deb javob beraman. Kitobni birinchi marta o`qiganingizda oddiy tuyuladi, lekin qayta-qayta mutolaa qilsangiz, sahifalari rang-barang ekanini his etasiz», degan ekan. Yana Temur Bekmambetov, Bahodir Yo`ldoshev ijodlari ham yoqadi.

Jahongir, «Real-xit» ko`rsatuvida baland tomlarda yurasiz. Bu sizni cho`chitmaydimi?

— Yo`q. Hamma narsani real ya`ni hayotda qanday bo`lsa shundayligicha efirga beramiz deb niyat qilganmiz. Albatta, balandlikda turib kamera bilan suratga olishda biroz qiyinchiliklar bo`ladi.

To`ylarga takliflar bo`lmayaptimi mabodo?

— Bo`lyapti, lekin hozircha bunga vaqtim yo`q. 25 daqiqalik ko`rsatuv bo`lsa ham uning ortidan deyarli bir hafta yugurayapmiz. Rejalarimiz katta.

Darvoqe, ko`rsatuvda qatnashadiganlarni oldindan tayyorlab qo`ymaysizlarmi?

— Yo`g`-ey. Bunaqa qilmaganmiz va qilmoqchi ham emasmiz. Oddiy odamlar orasida olingan ko`rsatuvlarimiz juda omadli chiqayapti.

— Ayni muhabbat yoshidasiz...

— Men romantikman. Hatto, uyimdagilar ham sokin qo`shiqlarni tinglashimga hayron qolishadi. Institutda «Romeo va Juletta» spektaklida Romeo obrazini yaratdim.

— Ochig`ini tan oling, shu kungacha nechta qizning boshini aylantirdingiz?

— Shu kungacha faqat bitta qiz bilan gaplashib turaman. Do`stlarim qizlar haqidagi fikrlaring to`g`ri chiqadi, deb hayron qolishadi. O`zim sho`x, quvnoq bo`lganim uchun kamgap, og`ir, bosiq qizlarni hurmat qilaman.

— Yaxshi san`atkor, ijodkor bo`lish uchun nimadan voz kechish kerak?

— Telefondan. Chunki telefonda internetga kirsangiz kamida 3-4 soat vaqtingiz ketganini sezmay ham qolasiz. O`zim bilan shu masala bo`yicha kurashyapman.

— Otangiz...

— Otam bebaho inson. Meni 1-sinfdan to kollejga o`qishga kirgunimcha har kuni ertalab o`qishga olib borib qo`yardilar. Agar jismoniy tarbiya uchun kiyimimni uyda unutganimda «Adajon, yodimdan chiqib qolibdi, olib kelib bera olasizmi?» deya qo`ng`iroq qilsam, biron so`z demasdan tashlab ketardilar. Sinfdoshlarim hayron qolishardi.

— Onangiz...

— Onam oilani, farzandlarini birinchi o`ringa qo`yadilar. Avvallari ishga ketishdan avval erta tongda turib biz uchun nonushta, keyin ikkita qozonda ovqat tayyorlab ketardilar. Bittasi tushlik, ikkinchisi kechki ovqat bo`lardi. Haligacha mazali taomlar pishirishga, uy yig`ishtirishga ulguradilar. Ota-onam bag`ri keng inson. Do`stlarim bilan biznikida birga imtihonlarga tayyorlanamiz, ko`rsatuv ustida izlanamiz, barchasi uchun shart-sharoit yaratib berishadi. Ko`pchilik yigitlar uylanganidan so`ng alohida uyga chiqib ketib, o`zi sezmagan holda, beixtiyor ko`proq vaqtini o`z oilasi, farzandlariga bag`ishlaydi. Men bunday qilmayman, ota-onam bilan yashayman deyman.


Qisqvcha ma`lumot:

*1995 yil 22 avgustda Toshkent shahrida dunyoga kelgan.

*Respublika estrada-sirk kollejida estrada aktyorligi fakultetida tahsil olgan.

*O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutining rejissura fakultetini tugutgan.

*Taekvondo bo`yicha qora belbog` sohibi. Suzish bilan shug`ullanadi.

Jamshid BEK suhbatlashdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1