Joriy yilning 19 iyul kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo`mitasi tashabbusi bilan “Veb-frilans” va “veb-frilanser”lik faoliyati mazmun-mohiyati hamda uni O`zbekistonda qonuniy yo`lga qo`yishga bag`ishlangan ochiq muloqot bo`lib o`tdi.
Muloqotda O‘zLiDeP tashabbusi bilan ilgari surilayotgan mazkur faoliyatning mohiyati hamda uni mamlakatimizda qonuniy yo`lga qo`yish tendensiyalari xususida atroflicha fikr almashildi. Ta`kidlandiki, Veb-frilanserlar – bu har qanday ish beruvchi bilan uzoq muddatli shartnoma majburiyatlarisiz, mustaqil ravishda ishlaydigan insonlardir. Ular bir nechta ish beruvchilarga yoki mijozlarga qisqa muddatli shartnomalar bo`yicha xizmat ko`rsatadi yoki ishlarni bajaradi. Bu faoliyat o`z ichiga jurnalistdan tortib shifokorlargacha bo`lgan o`nlab mutaxassisliklarni qamrab oladi.

Umuman olganda, frilanserlar – internet imkoniyatlaridan unumli foydalanuvchi mutaxassislar hisoblanishadi. Shuningdek, shtatga rasmiylashririlmagan buxgalter, huquqshunos yoki xodimlar bo`limi mutaxassisini ham frilanserlar guruhiga kiritish mumkin.
Tadbirda so`zga chiqqanlar ushbu faoliyat turi dunyoda, xususan, AQSh, Rossiya va Evropaning boshqa qator mamlakatlarida shiddat bilan rivojlanayotganini ta`kidlashdi. Ko`plab mamlakatlarda faoliyatning ushbu turi qonuniy asosga ega. Ma`lumotlarga qaraganda, bugungi kunda Amerikada ish bilan band aholining 37, Rossiya Federasiyasida 4, Hindistonda esa taxminan 1,5 foizini frilanserlar tashkil etadi.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi vakilining fikricha, bu soha biz uchun ham butunlay begona emas. Mamlakatimizda bugun internet imkoniyatlaridan foydalanib, uyda o`tirgan holda faoliyatning ushbu turi bilan shug`ullanayotganlar bor, albatta. Aslida bu ham tadbirkorlikning bir ko`rinishi. Faqat hozircha ularga qonuniy asos yaratib, soha aniq tizimga solinmagan. Lekin ushbu faoliyat kasanachilikning sifatlarini o`zida aks ettirishini inobatga olsak, mamlakatimizda faoliyatning ushbu turiga boshqacha aytganda, internet orqali erkin ishlaydigan xodimning huquqiy maqomini ishlab chiqishga qonuniy asoslar mavjud. Faqatgina bu borada rivojlangan mamlakatlar tajribasini atoroflicha o`rganish va shu asosda taklif-tavsiyalarni ishlab chiqish zarur. Zero, innovasion rivojlanish yo`lini tanlagan mamlakatimiz uchun ushbu faoliyatni rivojlantirish zamon talabi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Shu ma`noda mazkur masalada O‘zLiDeP alohida tashabbus bilan chiqayotgani va bugungi ochiq muloqotni tashkil qilgani bu borada dastlabki muhim qadamdir.

Ochiq muloqotda partiya faollari ham kun tartibidagi masala yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Ta`kidlanganidek, bugun mamlakatimizda Veb-frilanser sohasini qonunlashtirish intellektual mehnat bozori va elektron tijorat bozorini rivojlantirish va tartibga solish uchun yaxshi imkoniyatdir. Frilansingni qonuniylashtirishning afzalliklari ko`p. Avvalo, bu faoliyat turi elektron tijoratni rivojlantirishga xizmat qiladi. Byudjetga qo`shimcha daromad keltiradi va eng asosiysi aholining alohida qatlamlarini ishga joylashtirish va intellektual resurslarni mamlakatdan chiqib ketishini oldini oladi. O‘zLiDePning fikricha, mamlakatimizda yakka tadbirkor uchun ruxsat etilgan faoliyat ro`yxatida “veb-frilanser” tushunchasini kiritish kerak. Buning uchun, albatta joylarda ushbu mavzuga bag`ishlangan tadbirlar tashkil etish va mazkur masala yuzasidan avvalo yoshlarning takliflarini o`rganish lozim.
Partiyamiz tomonidan ushbu tashabbusni ilgari surilayotgani bejiz emas. Negaki, bugun mamlakatimizda o`z sohasini yaxshi biladigan, kamida 2-3 ta xorij tilini biladigan, lekin hech qaerda doimiy ishlamayotgan uyushmagan yoshlar, uyda o`tirgan xotin-qizlar ko`pchilikni tashkil etadi. Ma`lumotlarga qaraganda, onlayn erkin almashuv kurslarida O`zbekistondan taxminan 1500 nafar frilanser ro`yxatga olingan. Agar mamlakatimizda biznesning ushbu zamonaviy turiga qonuniy asos yaratilsa, ular bemalol, qonuniy ish yuritishlari mumkin bo`ladi.
Ma`lumki, joriy yilning 14 mayida davlatimiz rahbarining “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda mamlakatda elektron tijoratni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar (xizmatlar)ni Internet tarmog`i orqali realizasiya qilish uchun zamonaviy mexanizm va tartib-taomillarni joriy qilish, mahalliy tadbirkorlik sub`ektlari mahsulotlarini eksport qilish geografiyasini kengaytirish va hajmini oshirish bo`yicha qator dolzarb vazifalar belgilangan.

Muloqot ishtirokchilarining fikricha, “Veb-frilans” va “veb-frilanser”lik faoliyati rivojlanishi ushbu vazifalar ijrosini ta`minlashga ham bevosita xizmat qiladi. Bir so`z bilan aytganda, biznesning ushbu turi mamlakatimiz intellektual mehnat bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Jonli va samimiy ruhda o`tgan muloqotda kun tartibida ko`rib chiqilgan masala yuzasidan zarur taklif va tavsiyalar bildirildi. Ular umumlashtirilib, O‘zLiDeP bilan hamkorlikda bu kabi tadbirlarni ko`proq o`tkazishga kelishib olindi.






