Toshkent shahar IIBB YHXB qurilish maydonlaridan yuvilmagan g`ildiraklar va usti yopilmagan qurilish mollari, chiqindilar bilan yo`lga chiqayotgan maxsus yuk tashish transport vositalarini aniqlash va ularga qarshi chora ko`rish ishlarini davom ettirmoqda.
"Shu yilning 21 iyul kuni ana shu qoidalarni buzgan 6 nafar haydovchi to`xtatildi. Ularning 4 nafari Ohangaron shox ko`chasida harakatlanayotgan bo`lgan.
Jumladan, qurilish chiqindilarini olib ketayotgan KamAZ yuk mashinasi (10 D 519 NA) haydovchisi garchi, yukning yon-atrofni ifloslantirishini bilsa-da, negadir uning ustini yopishni lozim deb topmagan. Yana bir KamAZ(10 264 DAA) haydovchisi esa ortilgan g`ishtning mashinadan tushib, boshqa transport vositalariga ziyon etkazishi mumkinligiga panja ortidan qaragan va xavfsizlikni ta`minlamagan.
Bundan tashqari, uch korxona va tashkilotning rahbariyatiga yuk tashuvchi avtomobillarini yo`llarga chiqarish oldidan ularning tozaligini ta`minlash uchun sharoit yaratish haqida tegishli ko`rsatmalar berildi", — deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.
Ushbu holatlar bo`yicha qoidabuzarlarning barchasiga nisbatan tegishli ma`muriy choralar qo`llanildi.






