1

Sayyoramizda insonlarning bo`yi bundan bir yarim asr ilgarigi odamlarga nisbatan ancha o`sgan

Dunyo 23.07.2018, 17:09
Sayyoramizda insonlarning bo`yi bundan bir yarim asr ilgarigi odamlarga nisbatan ancha o`sgan

So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, sayyoramizda istiqomat qilayotgan insonlarning bo`yi bundan bir yarim asr ilgarigi odamlarga nisbatan ancha o`sgan. Yana yuz yildan keyin vaziyat qanday bo`lar ekan?

Darhaqiqat, so`nggi 150 yil ichida insoniyat ancha o`zgardi. Kurrai zamin aholisining umr bardavomligi XIX asrda 45 yosh atrofida edi, hozirga kelib bu ko`rsatkich taxminan 80 yoshga yaqinlashdi. Sanoati taraqqiy etgan bir qator mamlakatlar, masalan, Buyuk Britaniya, AQSh va Yaponiyada insonning o`rtacha bo`yi 10 santimetrga o`sganligi ma`lum bo`ldi. So`nggi 150 yil ichidagi ko`rsatkichlarni tahlil qiladigan bo`lsak, ular orasida faqat Niderlandiya qirolligi ajralib turadi. Haqiqatan ham zamonaviy gollandiyalik yigit va qizlarning bo`yi 184 va 174 santimetrdan kam emas.

Bu XIX asr o`rtalaridagi tengdoshlariga nisbatan o`rtacha 19 santimetrga yuqoridir. Germaniyaning Myunxen universiteti iqtisodiy tarix fakulteti faxriy professori Jon Konlos bu borada bir narsaga oydinlik kiritmoqchi. Nima sababdan gollandiyaliklarning bo`yi balandlashib ketayapti? Bu o`sish vaqt-soati kelib to`xtarmikin? O`tgan asrning 80-yillari o`rtalarida Konlos janoblari antropometriya tarixi sohasida jiddiy shug`ullanishga kirishib ketdi.

Tekshiruvlar shuni ko`rsatadiki, insonning bo`yi birinchi navbatda uning ovqatlanishi va kasalliklarga chalinish holatlari bilan bog`liq ekan. Aynan shu omillar bolalarning tanasiga o`z ta`sirini ko`rsatadi. Agar bola o`z vaqtida ovqatlanmasa, yoki kerakli ozuqalarga to`yinmasa, diareya chaqiruvchi kasalliklarni yuqtirib olishi hech gap emas. Bu albatta uning bo`yiga ta`sir qiladi.

G`arbiy Evropada o`rta asrlarda tarqalgan vabo epidemiyasida aholining 60 foizi nobud bo`lgan. Tirik qolganlarning yashash sharoiti ancha engillashdi. Bu esa birinchi navbatda angliyaliklarning o`rtacha bo`yi 4 santimetrga uzayishiga sabab bo`lgan.

Biroq XVII asrlarga kelib ko`hna qit`ada yana muammolar paydo bo`ldi. Har bir fransuzning o`rtacha bo`yi 162 santimetrdan oshmay qoldi. Kichik muzlik davridagi qahraton sovuq etishtirilgan hosilga ham o`z ta`sirini ko`rsatdi.

Bundan tashqari, Angliyada fuqarolar urushi-yu, Germaniya hududidagi 30 yillik harbiy harakatlar bunga sabab bo`lgan, desak mubolag`a bo`lmas. To`g`risini aytganda, hozir ham bo`y bilan salomatlik chambarchas bog`liq ekanligini yaxshi bilamiz. Buni qarangki, ikki qo`shni Shimoliy va Janubiy Koreya erkaklari bo`yi turlicha. Shimollik erkaklarning bo`yi janubliklardan 3-8 santimetrga pastroq ekan. XVIII asrdagi fuqarolar urushidan to XX asrdagi ikkinchi jahon urushiga qadar amerikaliklar bo`y-basti bo`yicha barcha sanoati rivojlangan mamlakatlarni ortda qoldirib ketdi. Hozir esa Qo`shma shtatlarda erkaklarning bo`yi o`rtacha 176 santimetr, ayollar esa 163 santimetrga teng.

Evropa shimolidagilar bo`y jihatidan qay tariqa peshqadamlikka chiqib oldilar. Professor Konlos buni shunday izohlaydi: “Bu birinchi navbatda to`g`ri ovqatlanish va tibbiy xizmat ko`rsatish asosiy o`rin tutishini amalda isbotlaydi. Millionlab amerikaliklar hozir ham tibbiy sug`urtaga ega emas. Muntazam ravishda vrach qabuliga bora olmaydi.

AQShda homilador ayollarga Gollandiyadagi kabi davlat tomonidan unchalik e`tibor qaratilmaydi. Niderlandiyada homilador ayollarning uyiga akusher-ginekologlar kelib bepul xizmat ko`rsatishar ekan. Sir emas, amerikaliklarning uchdan bir qismi ortiqcha vazndan aziyat chekmoqda. Bu albatta, noto`g`ri ovqatlanishga bog`liqdir. Kaloriyaga boy mahsulotlar, qayta ishlangan oziq-ovqatlar insonning o`rtacha bo`yini bir necha santimetrga pasaytirib yubormoqda.

Modda almashinuvini ham susaytiradi. Koka-kola, gamburger, big-mak ichimligi-yu, taomlariga odatlangan amerikaliklar bo`y-bast bo`yicha gollandiyaliklarga tenglashib olishlari amri mahol.

Daroz insonlar odatda kam umr kechirishadi, deb aytishadi. Haqiqatan ham ularning gapida jon bor. Bunga Robert Uodlouni misol qilib keltirish mumkin. Sayyoramizning eng bo`ychan insoni sifatida e`tirof etilgan bu shaxsning gipofiz bezlari rivojlanmaganligi sababli uning bo`yi 2 metr-u 72 santimetrgacha etgan. Uning ahvoli yaxshi emas edi. Oyoqlariga muvozanatni saqlash uchun maxsus tirkovuch uskunalar o`rnatilgan. Ana shunday moslamalardan biri uning oyog`iga jiddiy jarohat etkazdi. Oqibatda salomatligi yomonlashib, 22 yoshida vafot etdi.

Azimjon Po`latov, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1