1

Hayotiy voqea: Shukr qilib yashash

Mutolaa 24.07.2018, 18:15
Hayotiy voqea: Shukr qilib yashash

Bir odam duosi mustajob ulug` zotning huzuriga borib, «Hazrat, duo qiling, men yaxshi yashamoqchiman, to`q, xotirjam hayot kechirmoqchiman», debdi. Hazrat «Mayli, duo qilaman, lekin kimga o`xshab yashamoqchisan? Odamlar orasidan o`zing havas qilgan biror odam bormi, borib bir qidirib kel-chi, keyin men o`sha odamga o`xshab yashashingni so`rab, Allohdan duo qilib beraman», debdi. Haligi odam shahar aylanibdi. Qarasa, bir odam nihoyatda yaxshi yashayapti, oldida o`g`illari xizmatga bel bog`lagan, egani oldida, emagani ortida. U shu odamga havas qilib, hazratga borib, «Falonchini bilasizmi, taqsir? Falon ko`cha, falon mahallada yashaydi. O`sha odamga havas qildim, shunga o`xshab yashagim kelyapti, duo qiling», debdi. Hazrat shunday debdilar: «Mayli, duo qilaman. Lekin sen shoshmagin, bolam. Borib, u odam bilan bir gaplashib ko`rgin. U odamning biror muammosi, bir dardi bo`lmasin tag`in. Duo qilsam, undagi ne`mat bilan qo`shilib, dardi ham senga o`tib qolmasin, keyin qiynalib yurma».

Bu odam yana borib, o`sha boy bilan gaplashibdi. Men hazratning huzurlariga borib, sizga havas qilganimni, sizga o`xshab yashashimni so`rab, duo qilishlarini so`rasam, sizga yubordilar. Sizda hech bir dard, muammo yo`qdir har holda?» debdi. U gapini tugatar-tugatmas, haligi boy, o`ziga to`q, hayotdan xursand, mamnun bo`lib yashayotgandek ko`ringan odam yig`lab yuboribdi, «Bu dunyoda mendan baxtsiz odam bo`lmasa kerak. Kelib, mendan so`rab to`g`ri qilibsiz» deb, o`zining tarixini aytib beribdi:
«Oila qurdim, uylandim. Er-xotin bir-birimizni juda yaxshi ko`rar edik. Ammo ko`p yillar oldin ayolim og`ir dardga chalindi, o`lim to`shagiga mixlandi. O`lishi aniq bo`lib qolgach, oramizdagi tillarda doston bo`lgudek muhabbat tufayli ayolimning rashki qo`zib, «Men o`lsam, boshqasiga uylanib olasiz» deb tinmay yig`layverdi. O`zi o`lim azobida qiynalib yotibdi, yana rashki ham qiynayapti deb, rahmim kelib, «Xotirjam bo`l, men sendan boshqa ayolga qaramayman. Butun umr senga sadoqat bilan yashab o`taman», deyaverdim. Ammo u bu gapimga ko`nmadi. Men ham uni nihoyatda yaxshi ko`rar edim, muhabbatdan ko`zim ko`r bo`lib, so`zimni isbotlash uchun oshxonaga kirib, pichoqni olib, o`zimni o`zim bichib tashladim. Shundan keyin ayolim xotirjam bo`ldi, xursand bo`ldi, «Endi ko`nglim joyiga tushdi», dedi. Men ham xursand bo`lib, endi tinchgina oyog`ini uzatib, dunyodan o`tadigan bo`ldi deb tursam, Alloh shifo berib, xotinim o`ziga kelib, sog`ayib ketdi. Og`ir kasaldan tuzalib, naq o`limning yoqasidan qaytib keldi. Ammo bu quvonchimiz uzoqqa cho`zilmadi. Unga ko`rsatgan vafodorligim hurmati ayolim men bilan bir-ikki yil sabr qilib yashadi, ammo keyin toqat qila olmadi. Mana bu menga xizmat qilib yurgan o`g`illar mening farzandlarim emas. Men ana shunday azob to`la hayotda yashayapman, sen ko`rgan narsa mening tashqi ko`rinishim, ammo ichimdagi dardim dunyoga sig`maydi».

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh ushbu rivoyatni keltirib, shunday deydilar: «Har bir inson o`z holiga, hayotiga, qismatiga, taqdiriga rozi bo`lishni, shukr qilishni o`rganishi kerak. Chunki bu hayotni unga Alloh subhanahu va taolo ravo ko`rdi, shunday bo`lishini iroda qildi. Shuning o`zi katta marhamat, shuning o`zi katta bir ne`mat. Shukr qilsak, Alloh bundan ham ziyoda qilishi mumkin. Ammo noshukrlik qiladigan bo`lsak, boshqa hayotlarga havas qiladigan bo`lsak, o`zimizdagi boridan ham mahrum bo`lib qolishimiz mumkin».

muslim.uzdan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1