O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2018 yil 23 iyul kuni «Ba`zi davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi qonunni imzoladi.
Ushbu qonun asosida davlat xizmatlari ko`rsatish sohasidagi qonun buzilishlariga qarshi qo`llaniladigan chora-tadbirlarga o`zgartishlar kiritildi. Jumladan, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks quyidagi 2 ta modda bilan to`ldirilyapti:
215(5)-modda. Davlat xizmatlari ko`rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish
Davlat xizmatlari ko`rsatish sohasidagi qonun hujjatlarining arz qiluvchidan murojaatni qabul qilishni rad etganlikda, davlat xizmatlari ko`rsatish chog`ida murojaatlarni ko`rib chiqish tartibini va muddatlarini buzganlikda, arz qiluvchidan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olganlikda, davlat xizmatlari ko`rsatish sohasidagi vakolatli davlat organining qonuniy talabini (topshirig`ini) bajarmaganlikda ifodalangan tarzda buzilishi:
- mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa:
- mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga eng kam ish haqining besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
245(5)-modda. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi organlari
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi organlariga ushbu Kodeksning 215(5)-moddasida nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlar taalluqlidir.
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi organlari nomidan ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqishga va jarima tariqasidagi ma`muriy jazo choralarini qo`llashga quyidagilar haqli:
- O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori va uning o`rinbosarlari;
- O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hududiy boshqarmalarining boshliqlari va ularning o`rinbosarlari.






