Tashkilotchilarning ma`lum qilishicha, joriy yilning 6-10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta o`tkazilishi belgilangan Xalqaro maqom san`ati anjumani birinchi marta o`tkaziladi. Ayni vaqtda tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi, deb yozmoqda O`zA.
Anjumanda taniqli xorijiy olimlar, musiqachilar, mashhur san`atkorlar va O`zbekiston hududida etakchi mutaxassislar jalb etiladi. Taxminlarga ko`ra, unda dunyoning 70 mamlakatidan 500 nafarga yaqin mehmonlar ishtirok etish kutilmoqda.
Xorijlik ishtirokchilar va mehmonlarga xalqaro standartlar darajasida sifatli xizmat ko`rsatish choralari ko`rilmoqda. Shu bois Shahrisabz shahrida ta`lim va turizm konsalting markazi tashkil etildi. Unda mehmonxonalar, restoranlarning malakali mutaxassislari ko`ngillilarga bepul seminar-treninglar o`tkazmoqda. Bunda xizmat ko`rsatishning yuqori darajasini ta`minlash uchun nazariy va amaliy mashg`ulotlar sanitariya-gigiena qoidalari, xulq-atvor madaniyatiga e`tibor qaratilmoqda.
Mazkur tadbir doirasida O`zbekiston oshpazlar uyushmasi milliy taomlar tayyorlash mahorat darslari, “Chorsu” galereyasi milliy liboslar ko`rgazmasini ishtirokchilar uchun taqdim etadi. Shuningdek, mehmonlar tarixiy obidalar, xushmanzara tog`li hududlar bo`ylab sayohat qilishlari rejalashtirilmoqda.






