Endi engil avtomobillar va mototransport vositalarini 30 kunga ijaraga berishni notarial tasdiqlash talab etilmaydi.
Joriy yilning 26 iyul kuni Prezident tomonidan “Iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta`minlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun imzolandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Mazkur hujjat bilan bir qator qonunlarga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Xususan, Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o`zgartirishga muvofiq endilikda avtomototransport vositalarini o`ttiz kungacha bo`lgan muddatga ijaraga berish shartnomalarini notarial tasdiqlash shart emas.
Engil avtomobillar va mototransport vositalarini ijaraga berish bo`yicha xizmat ko`rsatadigan yuridik shaxslar jismoniy shaxslar bilan engil avtomobillar va mototransport vositalarini o`ttiz kungacha bo`lgan muddatga ijaraga berish shartnomalarini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkin.
Mazkur o`zgartirish Adliya vazirligi tomonidan ijara bozorini rivojlantirish, jumladan, ichki va tashqi turistlar uchun avtomobil turizmini ustuvor rivojlantirish va ularga qo`shimcha qulayliklar yaratish maqsadida taklif etilgan edi.






