AsosiyJamiyat

O`zbekiston Qahramoni Siyosatxon Abdullaeva vafot etdi

'O`zbekiston Qahramoni Siyosatxon Abdullaeva vafot etdi'ning rasmi

Taniqli paxtakor, usta dehqon, “Do`stlik” ordeni sohibasi, O`zbekiston Qahramoni Siyosatxon Abdullaeva 2018 yil 27 iyul kuni 78 yoshida vafot etdi.

Siyosatxon Abdullaeva 1940 yil 5 noyabrda Andijon viloyati, Oltinko`l tumanida tug`ilgan. Andijon Paxtachilik institutini tamomlagan.

O`z mehnat faoliyatini 1959 yilda Oltinko`l tumanidagi “Namuna” shirkat xo`jaligi ishchisi sifatida boshlagan. 1972 — 1978 yillar Oltinko`l tumanidagi “Namuna” shirkat xo`jaligi bolalar bog`chasi tarbiyachisi, 1978 — 2006 yillar Oltinko`l tumanidagi “Namuna” shirkat xo`jaligi pudratchisi sifatida mehnat qildi.

2006 yildan shu kungacha Oltinko`l tumanidagi “Oltinko`l vodiy gulshani” fermer xo`jaligiga rahbarlik qilib keldi.

Siyosatxon Abdullaeva o`z kasbini ulug`lagan, paxtachilikda o`ziga xos “Andijon maktabi”ni yaratgan mirishkor dehqonlardan biri edi. U o`zining uzoq yillik faoliyati davomida ko`plab yoshlarni tarbiyalagan mutaxassis, paxta ilmining ustasi, dehqonchilikda zamonaviy texnologiyalarni qo`llagan olim sifatida namoyon qildi.

Boy bilim va hayotiy tajribaga ega bo`lgan Siyosatxon Abdullaeva jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, el-yurt o`rtasida katta obro`-e`tibor qozongan edi.

Siyosatxon Abdullaevaning ko`p yillik samarali mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U 2005 yilda “Do`stlik” ordeni, 2008 yilda “O`zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.

    Boshqa yangiliklar