Toshkentda «Samoviy shahar» barpo etiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko`ra, tadbirkorlar bilan 28 iyul kuni ochiq eshiklar kuni doirasida bo`lib o`tgan uchrashuvda Toshkent shahar hokimi v.b. Jahongir Ortiqxo`jaev taqdim etilgan loyihalarning 35 foizini tasdiqladi. Boshqa investorlarga muqobil uchastkalar va ob`ektlar taklif etildi.
«Investisiyalar uy-joy qurilishi, ijtimoiy va ishlab chiqarish ob`ektlari, savdo-ko`ngilochar majmualarga yo`naltirilgan. Jami 591 million dollarlik 62ta loyiha taqdim etildi (ulardan 173 million dollari to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar)», - deyiladi xabarda.
Loyihalardan biri - SF Global kompaniyasining Sky City («Samoviy shahar») binolar majmuasi. Loyihaga kiritilgan jami investisiya miqdori 500 million dollarni tashkil etadi. Ushbu mablag`larning yarmini sarmoyadorlar shaharni obodonlashtirishga investisiya qilishga tayyor.
Katta maydonda 30-40 qavatli zamonaviy binolar majmuasini qurish rejalashtirilgan. Ulardan biri mehmonxona, beshtasi - ofis va oltitasi - turar-joy bo`ladi.
Uchrashuvda qurilish uchastka yakuniy tasdiqlanganidan so`ng besh oydan o`tib boshlanishi haqida qaror qabul qilindi.






