AsosiyJamiyat

Olmazor tumanida 100 kishiga ixcham va kamxarj to`y o`tkazildi

'Olmazor tumanida 100 kishiga ixcham va kamxarj to`y o`tkazildi'ning rasmi

Eng yaqin qarindoshlar, kichik jamoa, kelin-kuyovning oila a`zolari ishtirokida Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi «Tarona» to`yxonasida o`tgan Ubaydullabek va Munojotxonlarning visol oqshomiga 100 nafar mehmon keldi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Mavluda G`anieva, kuyovning onasi:

— Qarindosh-urug`, qudalarim bilan kelishgan holda ixcham to`y qilyapman. Kamxarj to`y qilib, ortgan pullarimizni uyning kam-ko`stiga ishlatdik. Mebellarni ham o`zim oldim, charlari, salomlar, qo`niqlar, hayitlar, tog`oralar kabi «udumlar»ni qilmaslikka kelishdik. Farzandlarim ham bunga rozi bo`ldi. Prezident ham Olmazor tumaniga kelganida to`y haqida gapirdi, men ham bundan so`ng kamchiqim to`y qilishga qaror qildim.

Samig`jon Hikmatov, Olmazor tuman fuqarolar o`zini-o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashlari raisining diniy-ma`rifiy masalalar bo`yicha o`rinbosari:

— Yurtboshining Olmazor tumaniga tashrifi, xalq bilan muloqoti davomida mahalla oqsoqollari bilan uchrashganlarida bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri to`y-hashamlarni ixcham o`tkazish va yosh oilalarning kelgusida baxtli yashashlari uchun kerakli ishlarni qilish bo`yicha o`z fikr-munosabatlarini bildirdi. Mazkur tashrifdan so`ng tumanimizdagi 58 ta mahalla raisi bilan bamaslahat bir fikrga keldikki, Olmazor tumani kelgusida o`tkaziladigan to`ylarda o`zining alohida o`rniga ega bo`lishi kerak va kamxarj, chiroyli, ixcham to`ylarni o`tkazishni boshlashi kerak.

Sharofiddin Imomov, mahalla faoli:

— Jamoatchilik asosida, kelishilgan holda shu to`y marosimi o`tkazishni boshlab berdik. Mahallamizda to`y qiladiganlarda ikkilanish holatlari ham bor. Bugungi to`y tafsilotini ularga tushuntiradigan bo`lsak, qiziqish ortib, xudo xohlasa, hamma mahallada shunaqa ixchamgina, kelishilgan holda, chiroyli to`ylar o`tadi, degan umiddaman. Ilgari to`ydan so`ng ham charlari, kelin salomlar bo`lardi, ular ham bir to`yday o`tardi. Hozir ularni yo`q qildik. Uning o`rniga kelin-kuyovga biror narsa olib berish mumkin bo`ladi, turmush darajasi ancha yaxshilanadi. To`y bir zumda o`tadi-ketadi, lekin bu narsalar bir umrga qoladi. Bugungi to`yimiz chiroyli o`tdi, bundan namuna olib, butun yurtimizdagi boshqa mahallalarda ham xuddi shunaqa to`ylar o`tkazilsa maqsadga muvofiq bo`lardi.

Bo`lg`usi yosh oila uchun Olmazor tuman hokimligi va tuman «Mahalla» xayriya jamoat fondi tomonidan Prezident sovg`asi topshirildi.

Keksalar aytgandek, bir kunlik to`y ham o`tdi-ketdi, ammo bu to`y boshqa to`ylardan keskin farq qildi. Unda dabdaba, ko`z-ko`z qilishga harakat qilinmadi. Shunchaki oddiy, sozgina, kamchiqim to`y o`tkazish ma`qul ko`rildi.

    Boshqa yangiliklar