1

Samarqandda mahalla raisi qotillikka qo`l urdi

Jinoyat 30.07.2018, 17:36
Samarqandda mahalla raisi qotillikka qo`l urdi

Samarqand viloyatidagi Darg`om kanalidan erkak kishining jasadi topildi. Fuqaroning cho`kish yoki baxtsiz hodisa qurboni bo`lmagani uning tanasidagi jarohat izlaridan ma`lum edi, deb yozmoqda O`zA.

Huquq-tartibot idoralarining kuch va vositalari ushbu jinoyatni ochishga safarbar etildi. Qilni qirq yoruvchi xodimlar, avvalo, marhumning shaxsini aniqlash, so`ngra o`lim sabablarini surishtirishga kirishdi. Ushbu jarayon davom etayotgan paytda Samarqand shahrida egasiz qoldirib ketilgan avtomashina topildi. Bu mudhish jinoyat kalavasining uchini topishga yordam berdi. “Neksiya” Urgut tumanida yashovchi fuqaroga tegishli bo`lib, u aynan Darg`om kanalidan topilgan marhum ekani ma`lum bo`ldi.

Tezkor qidiruv-surishtiruv ishlaridan jinoyat tafsilotlari va bu mudhish qotillikka qo`l urgan shaxslar aniqlandi. Voqea mashina topilgan Samarqand shahrida emas, Urgut tumanining Taroqli mahallasida sodir bo`lgan ekan.

...“Taroqli” mahalla fuqarolar yig`ini raisi A.Olimov shu mahallada yashovchi R.Do`lanovadan (jinoyatga aloqador ism-shariflar shartli) 2015 yilda 1 ming dollar qarz oladi, ammo vaqtida qaytara olmaydi. Kunlarning birida R.Do`lanova mahalla raisiga qo`ng`iroq qilib, fuqaro B.Berdiev uni doimiy ravishda haqoratlab, xo`rlab kelayotganini aytadi. Shundan so`ng ikkovlon B.Berdievdan o`ch olishni rejalashtiradi va bu ish amalga oshsa, R.Do`lanova mahalla raisining qarzidan voz kechishini bildiradi.

Ushbu shart A.Olimovga ham ma`qul tushadi va u R.Do`lanovaning xonadonida B.Berdievning mastligidan foydalanib, uning boshiga bolta bilan urib, o`ldiradi. Jinoiy sheriklar – A.Olimov va R.Do`lanova jinoyat izini yashirish va muqarrar jazodan qutulib qolish maqsadida B.Berdievning jasadini ko`rpacha va gilamga o`ragan holda marhumga tegishli bo`lgan “Neksiya”ning yukxonasiga ortadi. So`ng jasadni Tayloq tumanining Davlatobod qishlog`idan oqib o`tuvchi Darg`om kanaliga tashlab yuborishadi. Ertasi kuni esa mashinani Samarqand shahriga olib borib, o`sha erda qoldirib kelishadi.

2017 yilning iyul oyi boshlarida sodir bo`lgan mazkur jinoyat uning “ijrochi”lari o`ylaganidek izsiz ketmadi. Qisqa fursatlarda fosh etilib, qotillikka qo`l urgan shaxslar qo`lga olindi va sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi. Ayni paytda ular jazoni o`tamoqda. Lekin Taroqlida ro`y bergan mudhish qotillik haqida odamlar hali ham gapirib yurishadi.

Shu yilning 27 iyulida Prezidentimiz raisligida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati, bu borada ichki ishlar organlari va boshqa davlat idoralarining mas`uliyatini yanada oshirish, tizimda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag`ishlab o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida ham Taroqlida ro`y bergan jinoyat tilga olinib, mahalla raisining bunday ishlarga bosh qo`shgani keskin tanqid qilindi.

Xo`sh, bu voqeadan keyin mahallada qanday profilaktik ishlar amalga oshirildi? Odamlarning munosabati, fikri qanday? Ana shu savollarga javob topish maqsadida Taroqlida bo`ldik.

– Bu jinoyat nafaqat ushbu mahalla, balki butun Urgut tumani ahli sha`niga isnod bo`ldi, – deydi Urgut tuman fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashi raisining keksalar va faxriylar ishlari bo`yicha o`rinbosari A.To`raev. – Bunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida tumandagi 102 mahalla fuqarolar yig`ini hamda aholi o`rtasida jinoyatchilikning oldini olish bo`yicha aniq va manzilli chora-tadbirlar belgiladik. Tuman ichki ishlar bo`limi, prokuratura hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda joylarda uchrashuvlar o`tkazayapmiz. Aholini hushyorlik va ogohlikka chorlayapmiz.

Tumandagi barcha mahallalarda “Jamoatchilik nazorat maskani” tashkil etilgan. Tungi navbatchilik yo`lga qo`yilgan. Tuman bo`yicha profilaktika inspektorlari 66 nafardan 74 nafarga ko`paytirilib, ularning samarali ishlashi uchun zarur sharoit yaratilgan. Imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtomashina va xizmat uyi bilan ta`minlangan. Aholi va keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik natijasida joriy yilning birinchi yarmida tumandagi 52 mahallada jinoyat sodir etilmadi.

– Mahallamizda 612 xonadon bo`lib, 3 ming 400 dan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi Urgut tumanidagi “Taroqli” mahalla fuqarolar yig`ini raisi H.Qurbonov. – Aholining asosiy daromad manbai tomorqa xo`jaligi. Jami 64 gektar tomorqa erlarimiz bor. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayotganlar ham ko`pchilik. Demoqchimanki, har bir oila o`z aravasini tortishga harakat qiladi. Boqimandalik kayfiyatidagi kishilar yo`q hisobi. Lekin 5 ta notinch oila bor va ularni sog`lomlashtirish uchun barchamiz birgalikda harakat qilayapmiz. 16 ko`chaboshi, mahalla faollari bilan hamkorlikda tushuntirish ishlari olib borayapmiz. Mahallamizda o`tgan yil sodir bo`lgan og`ir jinoyat nafaqat unga aloqador oilalar, balki barchamizning yuzimizni erga qaratdi. Bunday holatlar qayta takrorlanmasligi uchun huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda ishlayapmiz.

– 2017 yil noyabr oyidan buyon Taroqli va Sovg`on mahallalarida xizmat faoliyatimni olib borayapman, – deydi hudud profilaktika inspektori H.Rahimov. – Davlatimiz e`tibori tufayli shu erda xizmat uyi qurib berilgan, imtiyozli kredit asosida shaxsiy mashina olganman. Aholi bilan hamjihatlikda ishlab, o`tgan yilgi kabi mudhish jinoyatlar kelib chiqishining oldini olishga e`tibor qaratganmiz. Mahallaga qo`shni O`krach mahallasidan kirib kelish va Sovg`on mahallasiga chiqishda “Jamoatchilik nazorat maskani” tashkil etilgan. Navbatchilik tunu kun yo`lga qo`yilgan. Kim, qachon kirayapti, qaysi avtomobil keldi va chiqib ketayapti, hammasini bilamiz.

Ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning birinchi yarmida tumanda 262 ta jinoyat qayd etilgan. Bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 112 taga kam bo`lsa-da, har bir jinoyat ortida inson taqdiri turganini hisobga olsak, uning bittasi ham ijtimoiy-ma`naviy muhit, yoshlar ta`lim-tarbiyasi, kelajagiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Shu nuqtai nazardan, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, unga qarshi kurashish masalalariga faqat huquq-tartibot idoralari emas, barcha davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilikning vazifasi sifatida qarash lozim. Ayniqsa, bugungi kunning eng dolzarb masalalari – aholi bandligini ta`minlash, xotin-qizlar va yoshlar manfaatlarini himoya qilish, mahallalarda notinch oilalar bilan ishlash, odamlarning davlatga ishonchini mustahkamlash, joylarda yuzaga kelayotgan qonunga zid holatlar va korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim. Bugun davlat va xalq munosabatlaridagi yaqinlik har bir fuqarodan ana shunday faollikni taqozo etadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1