Joriy yilning 27 iyul kuni Xalq ta`limi vazirligida ekspert-tahlil kengashining birinchi sessiyasi bo`lib o`tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unda ta`limning ahamiyatini oshirishdagi asosiy maqsadlar va kengashning maqsad va vazifalari muhokama qilindi. Xalq ta`limi vaziri Sh.Shermatov bilan bo`lgan uchrashuvda kengash vakillari H.Sulaymonova (Davinci), V.Kan (MYWAY), M.Qosimov (Ambit), X.Mamasaidov (Dekos.uz), V.Kim (Study Smart Project), A.Yusufov (lebazar.uz), L.Po`latov (Premium Parts)lar ishtirok etishdi.
Ekspert-tahlil kengashi vazirlik bilan o`quvchilar, ularning ota-onalari, davlat va xususiy maktablar ma`muriyati, o`qituvchilari, shuningdek, boshqa ta`lim muassasalari o`rtasida o`zaro hamkorlikni ta`minlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Ekspert-tahlil kengashi konsultativ-maslahat organi bo`lib, o`z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi, uning asosiy vazifalaridan biri Xalq ta`limi vazirligi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Uchrashuv yakunlariga ko`ra maktablar holatini batafsil tahlil qilish, zamonaviy o`quv dasturlarini yaratish bo`yicha strategiyalarni ishlab chiqish, maktab o`quvchilarida ijodiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan qo`shimcha to`garaklar va sport seksiyalari yaratishni boshlash bo`yicha qaror qabul qilindi. Tomonlar xalq ta`limi tizimini takomillashtirish yo`lida yaqin hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi.






