Qutqaruvchilar o`n ikki soatlik qidiruv ishlaridan so`ng Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanining tog`larida adashib qolgan sayohatchilarni topdi. Bu haqda O`zbekiston FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 29 iyul kuni soat 17:35 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga fuqaro D.Abduvaliev tog`da adashib qolgan sayohatchilarni topishda yordam so`rab murojaat qilgan.
"Chimyon" qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tezkorlik bilan voqea joyiga chiqishib qidiruv ishlarini boshlab yuborishdi.
30 iyul kuni erta tong soat besh yarimda adashib qolganlar topildi.
Qutqaruvchilar tomonidan ularga yordam ko`rsatilib aholi punktiga evakuasiya qilindi.






