Toshkent shahrining Bunyodkor va Cho`ponota ko`chalari kesishmasidagi yangi yo`l o`tkazgich tez orada foydalanishga topshiriladi. Bu haqda “O`zbekiston temir yo`llari” matbuot xizmati ma`lum qildi.
Ma`lumki, Bunyodkor ko`chasi Toshkent shahridagi eng uzun, janubiy va shimoliy qismlarini bog`lovchi, muhim ko`chalaridan biri sanaladi. Shu bois mazkur yo`nalishda muntazam, kun-u tun avtomobillar qatnovi amalga oshiriladi. Magistralda yo`l o`tkazgich soni endilikda 10 taga etdi.
Zamonaviy yo`l o`tkazgichning umumiy uzunligi 667,5 metrni tashkil etadi. Estakada qismining uzunligi 488,5 metr bo`lib, balandligi 8, kengligi esa 24,5 metr. Ulkan inshoot 21 ta ustun oralig`ida barpo etildi. E`tiborlisi, bu erda piyodalar uchun ham qator qulayliklar ham yaratildi. Xususan, umumiy uzunligi 124 metr bo`lgan ikkita piyodalar o`tish ko`prigi qurildi, shuningdek, yoshi keksa va nogironlar uchun maxsus lift hamda eskalator o`rnatildi.
Yangi bunyod etilgan yo`l o`tkazgichning yoritish tizimiga ham alohida e`tibor qaratilgan. Shu bilan birga hududda obodonlashtirish ishlari ham olib borildi. Atrof ko`kalamzorlashtirildi, manzarali daraxtlar o`tqazildi. Yo`l o`tkazgichning bosh rejasi “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Bunyod etilayotgan inshoot 6 ta yo`lakdan iborat.








