1

23 yashar bosqinchi yigit 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jinoyat 15.08.2018, 11:03
23 yashar bosqinchi yigit 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi

... 2018 yil 8 mart. Soat taxminan 4.00da g`araz niyatni ko`zlagan K.Tursunov (maqolada ism-shariflar o`zgartirildi) pichoq bilan qurollanib, yuziga niqob taqadi. Qo`liga qo`lqop kiyib, Sergeli tumani, Choshtepa 1-tor ko`chasi, 34-uyga bosqinchilik uyushtiradi.

Jinoyatchini tanib qolishdi

O`zicha puxta reja tuzgan K.Tursunov o`sha kuni qurollangan holda Sh.Karimovning xonadoniga bostirib kiradi. Eshik ilmog`ini osonlik bilan ko`tarib, ochgan K.Tursunov to`g`ri yotoqxona tomonga boradi. Xonadon egalari uxlayotganiga ishonch hosil qilgach, javon ustida turgan ikkita uyali telefon va tilla taqinchoqlarni oladi. Pul izlayotganida uy egasi Sh. Karimov uyg`onib qoladi.Bunday bo`lishini kutmagan K.Tursunov qo`lidagi pichoq bilan po`pisa qilib, xonadon egalarini qo`rqitadi va 5 000 AQSh dollari topib berishlarini talab qiladi. K. Tursunovning «tajribasizligi» pand berib, u o`zini tanitib qo`yadi. «To`xta, men seni tanidim, sen...» Sh.Karimovning so`zlari K. Tursunovni sergak qiladi va u jinoyat joyidan yashirinadi.

Ma`lum bo`lishicha, K.Tursunovning uyi yonib ketgan. Qanday qilib bo`lmasin, kun kechirish maqsadida u o`g`irlik va bosqinchilikni ma`qul ko`radi. Ammo o`ylanmay qilingan ishning oxiri voy bo`ldi.

Sudlanuvchi K.Tursunov 1995 yil 24 yanvarda Toshkent shahrida tug`ilgan. Ma`lumoti o`rta – maxsus. Vaqtincha ishsiz. Bo`ydoq. Muqaddam sudlanmagan. O`zbekiston Respublikasi JK ning 164-moddasi, 3 – qismi, «v» bandi bilan aybli, deb topilgan.

«Bolamning oyoqlari ishlamay qoldi»

Sud majlisida U.Karimovaning guvohlik berishicha, jinoyat sodir etilgan kuni u turmush o`rtog`i va farzandi bilan uxlayotgan bo`lishgan. Xonadagi g`ayrioddiy harakatdan cho`chib uyg`onib ketgan ayol yotoq mebeli oldida yuziga kalla suyagining jag` qismi rasmi tushirilgan, burun qismigacha niqob taqqan, bir qo`liga pichoq ushlab olgan noma`lum shaxsni ko`radi. Qo`rqqanidan u bor ovozi bilan baqiradi. K.Tursunov kutilmaganda yuz bergan voqeadan esankirab qoladi va «Bittang miq etsang, pichoqlab tashlayman», deb po`pisa qiladi. So`ng U.Karimovaning eridan pullar qaerda saqlanishini, olib chiqib bermasa, hech kimni tirik qoldirmasligini aytadi. Shu mahal N.Karimov jinoyatchini tanib qolib, uni ismi bilan chaqiradi. So`ng oila a`zolariga tegmasa, u aytgan pullarni olib chiqib berishini aytadi. Biroz tinchlanib olgan K.Tursunov yuzidagi niqobni echadi va sal avval o`g`irlagan uyali telefon va tilla taqinchoqlarni qaytarib beradi. Shundan so`ng u voqea joyidan yashirinadi.

Guvohning so`zlariga qaraganda o`sha kungi voqeadan so`ng U.Karimovaning o`g`lida kuchli qo`rquv yuz bergan. Ruhiy zo`riqish asoratida bolaning oyoqlari biroz muddat ishlamay qolgan.

Engillik berildi

Sud majlisida sudlanuvchi K.Tursunov qilmishidan pushaymon ekanligini aytib, unga engillik berishlarini so`ragan. K.Tursunovga jazo turi va miqdorini tayinlashda g`arazli maqsadlarda jinoyat sodir qilinganligini, JK ning 56-moddasida nazarda tutilgan jazoni og`irlashtiruvchi holatlarda baholab, aybiga to`liq iqrorligi, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligi, turar – joyidan ijobiy tavsiflanishi, yoshi, jabrlanuvchining sudlanuvchiga moddiy va ma`naviy da`vosi yo`qligi, muqaddam sudlanmaganligi, sudlanuvchiga berilgan kafolat xatlari hamda jinoyatning xususiyat va ijtimoiy xavflilik darajasi inobatga olingan holda unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JK ning 57-moddasi qo`llanib, aybli deb topilayotgan modda sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi eng kam qismidan ham kamroq tayinlanishi maqsadga muvofiq, deb hisoblandi.

Sudlanuvchi K. Tursunov JK ning 164-moddasi, 3-qismi, «v» bandi bilan JK ning 57-moddasini qo`llab 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati hamda

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Sergeli tuman sudi sudyasi

G`afur Amonov bilan hamkorlikda tayyorlandi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1