Malika Ahmedova: «Gap–so`zlar, ko`rolmasliklar xafa qiladi»

Madaniyat 23.08.2018, 10:51
Malika Ahmedova: «Gap–so`zlar, ko`rolmasliklar xafa qiladi»

O`zbekiston xalq artisti Malika Ahmedovani yaxshi taniysiz. U ijro etgan raqslar hali-hamon sevib tomosha qilinadi. Bugun ko`plab yosh raqqosalar uchun ustoz hisoblangan san`atkor ayni kunlarda nimalar bilan bandligini bilish maqsadida u bilan uchrashdik.

Malika opa, ortda qolgan kunlarni eslaganda nimalarni xayol qilasiz?

— Umrimni san`atga bag`ishladim va bundan sira afsus qilgan emasman. Hali aqlimni tanimasimdan turib, mashhur raqqosa bo`laman derdim va bunga astoydil ishonardim. O`ziga shukr, qiyinchiliklarni engib, niyatimga etdim.

Rahmatli ota-onam qalbi pok, samimiy insonlar edi. O`sha kezlar san`at yo`lini tanlaganlarga nisbatan qarashlar yaxshi emasdi, lekin ular raqqosa bo`lishimga qarshilik qilishmadi. Otam hindcha qo`shiq kuylab, raqs tushishimni yoqtirardilar. Qo`limdan etaklab Xoreografiya maktabiga olib borganlar...

Bir paytlar «To`yga chiqmayman» deya barcha takliflarni rad etgan ekansiz.

— Ha. Baletmeyster Isoxor Oqilov men uchun sahnalashtirgan «Tamanno» raqsini ijro etganimdan so`ng ko`cha – ko`yda meni taniy boshlashdi. Ismimni bilishmasa-da, raqs libosimdagi gipyurdan tikilgan shimni ko`pchilik eslab qolgandi.

Yillar o`tishi bilan ko`p narsalar o`zgardi, jumladan, raqs san`atida ham rivojlanish bo`ldi. Hozirgi raqqosalarda texnika kuchli, lekin ular olmos kabi yaraqlamayapti. Menimcha, buning sababi to`yga chiqish bo`lsa kerak. Inson psixologiyasi shunday: bugun bir so`m topsa, ertasiga undan ko`prog`ini xohlaydi. Bir paytlar menga ham to`y takliflari bo`lgan. Ammo katta-katta rahbarlarning iltimosini ham rad etganman. Men katta sahna uchun tug`ilganman, derdim doim. To`yga odamlar bir-birlarini ko`rish, suhbatlashish uchun borishadi. Raqqosa ming jon kuydirib xirom aylamasin, ijrosi munosib baholanmaydi.

Bir manbada ismingizni Mohira deb o`qigandim.

— Tug`ilganimda otam rahmatli Mohira deb ism qo`yganlar. Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatrida ishlayotganimda onam bilan birgalikda boshqa raqqosalarnikiga o`xshamaydigan, chiroyli, yaltiroq bezakli liboslar tikardik. Fransuz tilida o`qidim, aspiranturaga ham kirdim. Keyin sharj (karikatura turi) ham chizardim. Hatto “Mushtum” jurnaliga ishga chaqirishgan. She`rlar yozganman. Xullas, ancha narsa qo`limdan kelardi.

Xoreografiyada tahsil olayotganimda ustozlarimning ko`pchiligi rus millatiga mansub edi. Shu bois biz rus tilida so`zlashardik. Ular meni «Maheyra», deb chaqirishardi. Ismimni buzib aytishayotganidan jahlim chiqardi. Bir kuni otamga «Ismimni Malika qo`yaylik!» deganman. Oilada to`rtinchi, erka farzand bo`lganim uchun otam ko`ngan va darrov ismimni o`zgartirib kelganmiz. Shu tarzda Malika asl ismimga aylandi.

Repertuaringizdagi qaysi raqsni hali ham yaxshi ko`rib ijro etasiz?

«Namangan tanovari»ga raqs tushishni yoqtiraman. Toshkentning 2200 yilligi tadbirlarida Kamoliddin Rahimovning «Nargiz» qo`shig`iga raqs sahnalashtirganmiz. Fransuzcha yashil velyurdan uzun ko`ylak tiktirganmiz. O`sha kezlar bunday raqs libosini tiktirish oson emasdi. Yodimda, Yaponiyadagi festivalga borganimizda Kamoliddin aka qo`shiq kuyladilar, men esa ko`zimda yosh bilan raqs tushdim. Tomosha qilayotgan yapon ayollari qo`shiq so`zlariga tushunishmasa-da, harakatlarimdan ta`sirlanib, ko`zlari jiqqa yoshga to`ldi. Keyin Qunduz opa «Maqom»ni men uchun sahnalashtirdilar. Bu hamjuda ajoyib, go`zal raqs.

Agar sizga etarli mablag` berilsa, qay bir orzuingizni amalga oshirgan bo`lardingiz?

— Raqs maktabi ochgan bo`lardim. Chunki har qanday yoshda raqs tushish salomatlik uchun foydali. Ayniqsa, qomati chiroyli bo`lishini istaganlarga raqs tushishni maslahat beraman.

Bugunning raqs malikasi, deb kimni ayta olasiz?

— Katta avlod vakillari shu kunga qadar Mukarramaxonim Turg`unboevani raqs malikasi deb bilishadi. Nazarimda, bugun ham Mukarrama opa malika bo`lib qolaveradi.

Bir ish bilan Oliy Xoreografiya maktabiga borgan edim. Ustozlik qilayotgan raqqosalarimiz Mukarrama opa sahnalashtirgan nomerlarni o`rgatayotganlarini ko`rdim. Demak, raqs malikasi degan nomni ayni damda ham Opaga bersak arziydi.

— Taniqli rejissyor Shuhrat Abbosov suratga olgan «Sen etim emassan» filmida Barno rolini ijro etganingiz ko`pchilik uchun yangilik bo`lsa, ajabmas...

O`sha paytlar raqs maktabida o`qirdim. Filmda suratga tushishga ko`p­lab nomzodlar bor edi. Ularning orasidan tanlab olinganimdan keyin mas`uliyati ham shunga yarasha bo`ldi. So`zlarni yurakdan aytish, qahramonning xatti-harakatlarini ishonarli ifodalash, voqelikning «ichiga kirish» talab etilardi. Suratga olish maydonchasiga borishim uchun o`qituvchilarim ruxsat bermagan paytlarham bo`lgan. Ba`zan bundan juda xafa bo`lardim.

Liboslar borasida ayollarga qanday maslahatbergan bo`lardingiz?

Oddiy, biroz kengroq libos kiyishni yoqtiraman. Bu borada qizim eng yaxshi maslahatchim. Qomatga yopishib turadigan ko`ylak kiyishni yoqlamayman. Chunki bunday liboslar ayolni nazokatli ko`rsatmaydi. Har bir ayol did bilan kiyinishga intilishi lozim.

Qisqa va lo`nda

- Sizningcha, muhabbat bu...

- Sadoqat. Ana shundagina haqiqiy muhabbat bo`ladi.

- Kimni ko`p sog`inasiz?

- Rahmatli ota-onamni va ularning so`zlarini.

- Kim yoki nima sizga ilhom baјishlaydi?

- Qizim va go`zal tabiat manzarasi.

- Oxirgi marta jahlingiz chiqdi: kimdan yoki nimadan?

- Kishi hayoti davomida ko`p xato qilishi mumkin. Lekin ortingizdan bilib-bilmay gapirishlari, ko`rolmasliklari xafa qiladi.

- Sevimli san`atkoringiz?

- Farrux Zokirov.

- Bir umrlik orzuingiz?

- Qizimning baxtini ko`rish.

- Qaerda yolјiz qolishni istardingiz?

- Hech qachon yolg‘iz qolishni istamayman, garchand, u koshona, qasr bo`lsa ham.

- Parhez tutganingizda ham siz bosh tortmaydigan taom?

- Parhezga qarshiman. Inson ko`ngli nimani tusasa hammasini iste`mol qilishi lozim. Faqat oz-ozdan.

- Kayfiyatingiz bo`lmaganda...

- Kayfiyatim yo`qligini hech kimga bildirmayman. Bunday paytlar hovliga suv sepishni yaxshi ko`raman. Suv meni tinchlantiradi.

- Pardoz qilayotganingizda ...

- Har bir ayol go`zal bo`lishga intilishi shart deb bilaman. Muxlislarim avvalqanday yaxshi ko`rishgan bo`lishsa, har doim shunday qiyofada eslashlarini istaganim uchungina pardoz qilaman. Hech qachon o`ta yorqin, ko`zga tashlanadigan darajada bo`yanmaganman.

MOHINUR suhbatlashdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1