Farg`onada og`ufurush jinoiy guruhi fosh etildi

Jinoyat 24.08.2018, 16:09
Farg`onada og`ufurush jinoiy guruhi fosh etildi

Jinoiy guruh o`z qilmishlarini “ssenariy" asosida davom ettirardi...

Giyohvand moddalar bugungi kunda minglab insonlarning umriga zomin bo`lmoqda. Mamlakatimizda mazkur illatga qarshi kurashish, giyohvandlikka butunlay barham berish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda giyohvand moddalarni mamlakatimizga olib kirish yo`llarini bartaraf etish, ularning nafaqat mamlakatimiz ichida noqonuniy muomalada bo`lishi, balki hududimiz orqali tranzit qilinishiga chek qo`yish, uyushgan jinoiy guruhlarni yo`q qilishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Biroq ayrim shaxslar og`ufurushlikdan kasb sifatida foydalanishga urinmoqda. Ana shunday niyat bilan qabihlikka qo`l urgan Baxtiyor Iskandarov Qirg`iziston Respublikasida yashovchi tanishi Dilshodbek Dilmuratov bilan o`zaro til biriktirdi. Kelishuvga asosan Dilshodbek giyohvandlik vositalarini mamlakatimizga kontrabanda yo`li bilan o`tkazib berishi, olib o`tilgan “zahri qotil” esa Solijon Botirov orqali Baxtiyorga etkazilishi kerak edi. Ish rejadagidek kechdi. B.Iskandarov qonunga xilof ravishda giyohvandlik vositalarini mo`may daromad evaziga pulladi.

Jinoiy guruh o`z qilmishini davom ettirdi. Ular Qirg`izistonda yashovchi boshqa shaxsdan bu gal 3 kilogramm og`irlikda gashish giyohvandlik vositasini sotib olmoqchi bo`ldi. Yovuz rejaga bu safar Muhammadyusuf Mahmudov ham bosh qo`shdi. Muhammadyusuf qilgan xizmati uchun 100 gramm gashish moddasiga ega bo`lishiga Baxtiyor qat`iy va`da berdi. Evaziga avans tariqasida undan 700 AQSh dollari oldi. Bu mablag` ustiga 300 AQSh dollari qo`shib Dilshodbek Dilmuratovga berdi. Solijonga Dilshodbek bilan birga Andijon viloyatining Marhamat tumani orqali O`zbekiston-Qirg`iziston chegara postiga borishini tayinlaydi.

Solijon va Dilshodbek 40 F 383 NA davlat raqamli "Nexia" avtomobilida chegaraga etib kelishgach, qolgan ishning uddasidan chiqish yana Dilshodbekning zimmasida qoldi. U 1.618 gramm gashish moddasini mamlakatimizga kontrabanda yo`li bilan olib o`tgach, Solijon bilan eski manzilga otlanadi.

Afsuski, jinoiy guruh o`z maqsadiga etolmadi. Davlat xavfsizlik xizmati Farg`ona viloyati boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tezkor nazorat tadbiri orqali Marhamat-Quva yo`nalishi bo`yicha harakatlanayotgan "Nexia" avtomobili “Mash`al” yo`l-patrul postida to`xtatildi. Transport vositasi salonining old o`rindig`i ostidan topilgan paketdagi gashish moddasi ularni fosh etdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv-tergov harakatlari chog`ida jinoiy guruhga aloqador Musinjon Shamsutdinovning xonadonidan shisha bankada marixuanaga o`xshash modda, Jahongir Boltaboevning xonadonidan selofan paketda giyohvand vositasiga o`xshash o`simlik topilgan.

Sudlanuvchilarning ko`rsatmalari va ashyoviy dalillar jinoiy guruh qilmishlarini to`la-to`kis oydinlashtirdi. Shunga tayanib, jinoyat ishlari bo`yicha Marg`ilon shahar sudi tomonidan aybdorlarga adolatli hukm o`qildi. Baxtiyor Iskandarov, Dilshodbek Dilmuratov hamda Solijon Botirovlar 8 yil muddatga, Muhammadyusuf Mahmudov 10 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jahongir Boltaboevga 300 soat majburiy jamoat ishlari jazosi, Musinjon Shamsutdinovga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

M.Sulaymonov, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1