1

Buxoroda panshaxa bilan xotinini urib o`ldirgan er 13 yil ozodlikdan mahrum etildi

Jinoyat 24.08.2018, 17:16
Buxoroda panshaxa bilan xotinini urib o`ldirgan er 13 yil ozodlikdan mahrum etildi

2018 yil 31 may sanasi. Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyat sudi ochiq sud majlisida sudlanuvchi K. Po`latov (maqoladagi ism – shariflar o`zgartirildi) ga oid jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Ma`lum bo`lishicha, Karim Po`latov turmush o`rtog`i Zilola Po`latovani panshaxa bilan urib o`ldirgan.

Sud hujjatlarida keltirilishicha, Karim Po`latov 1969 yili Jondor tumanida tug`ilgan. Ma`lumoti o`rta. Oilali, to`rt farzandi bor. Muqaddam sudlanmagan. Sudlanguniga qadar muqim ish joyiga ega bo`lgan.

Tirikchilik tashvishi qursin...

1989 yil fevral oyida sudlanuvchi Karim Po`latov uylanadi. Turmush o`rtog`i marhuma Zilola Po`latova bilan birgalikdagi nikoh davri 2010 yilga qadar davom etadi. So`ng oila boshlig`i pul topish maqsadida Rossiyaga jo`nab ketadi. Oradan ikki yil o`tib, Zilola Po`latova ham ishlash uchun Qozon shahriga yo`l oladi. Shu tariqa er – xotin bir – biridan uzoqda, tirikchilik tashvishida yuraverishadi. Ota-ona safarda bo`lgan mahali bolalar kimning tarbiyasida qolgani noma`lum.

2013 yili K. Po`latov Buxoroga qaytadi. Ammo rafiqasi hali ham Qozon shahrida edi. U Zilola Po`latova bilan xabarlashganmi-yo`qmi, bilmaymiz. Shunisi aniqki, xotinining uyga qaytmaganidan qattiq jahli chiqqan erkak shu yili boshqa ayolga uylanadi.

Oradan besh yil o`tdi. Zilola Po`latova fuqarolik pasportini almashtirish maqsadida Buxoroga qaytib keladi. Ayol erining uylanib olganini eshitgan chog`i vaqtincha tanishlarining uyida yashab yuradi. Zilolaning qaytganidan xabar topgan K. Po`latov u bilan uchrashishga qaror qiladi. Sudlanuvchi ayol yashab turgan xonadonga kelib, birgalikda sudga borishni va ajrashishni so`raydi. Ammo Zilola Po`latova uning iltimosini rad etadi. Shundan so`ng ular o`rtasida janjal kelib chiqadi. K. Po`latov dastlab qo`li, so`ng oyoqlari bilan ayol tanasining turli qismlariga zarba beradi. Z. Po`latova erining tajovuzidan qutulish maqsadida molxona tomonga qochadi. Ortidan quvib etib olgan erkak molxona kiraverishida turgan temir panshaxa bilanayolning boshiga 2-3 marotaba qattiq uradi. Kuchli zarba ta`sirida kalla qopqog`i va asos suyaklari ochiq sinishi yuz beradi. Z. Po`latova hodisa sodir bo`lgan joyning o`zida jon beradi.

«Bunday bo`lishini istamagandim»

Sudda sudlanuvchi K. Po`latov aybiga qisman iqror bo`lib, quyidagicha ko`rsatma berdi:

— 2010 yili Rossiya Federasiyasiga jo`nab ketdim. Maqsadim ishlab pul topish edi. 2012 yilda xotinim bir necha kishidan qarz olib, o`g`lim bilan Qozon shahriga ketayotganini aytdi. Men bunga qarshi edim. Ammo u o`z bilganidan qolmadi. Oradan bir yil o`tib, men Buxoroga qaytdim. Zilolaga ham uyga qaytishini tayinladim. Biroq u yana so`zimni ikki qildi, qaytmadi. Biroz vaqt o`tib, men farzandlarim (ular uch nafar) bilan maslahatlashdim va uylandim. 2018 yil yanvar oyida ajrim uchun sudga ariza berdim. Ferval oyida suddan qo`ng`iroq qilishdi va Zilola bilan birga yashamayotganligim haqida mahalladan dalolatnoma keltirishimni so`rashdi. Ertasiga mahalla fuqarolar yig`iniga bordim. Mahalla maslahatchisi Zilolaning qaytganini va qaerda yashayotganini aytdi. To`g`ri o`sha manzilga bordim. Unga vaziyatni tushuntirdim va ajrim uchun sudga borishini so`radim. U esa «Hech qaerga bormayman, nima qilsang qil, sen bilan ajrashmayman», dedi. Jahlim chiqib, musht tushirdim va sudrab ko`chaga olib chiqmoqchi bo`ldim. Ammo uy egalari aralashib, bizni ajratishdi. Uning molxona tomonga qochayotganini ko`rib battar asabiylashdim. Ortidan quvib etdim, sochidan tortib erga qulatdim va panshaxa bilan boshiga urdim. Qonga belanib, qimirlamay qolganidan so`ng bildimki, u o`ldi. Shundan keyin ichki ishlar bo`limiga bordim va qilgan jinoyatimga iqror bo`ldim. Ishoning, men bu ishni atay qilganim yo`q.

Sudlanuvchi qaramog`ida to`rt farzandi borligi va qilgan ishidan qattiq pushaymonligini aytib engillik so`radi.

Qanday jazo belgilandi?

Sudlanuvchi K. Po`latov JKning 97-moddasi, 1-qismi bilan aybli deb topildi. Unga 13 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati

hamda jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyati sudi sudyasi

Zavqiy Qurbonov bilan hamkorlikda tayyorlandi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1