2014-yilning 25-sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasining 69-sessiyasida qatnashish maqsadida AQShda bo`lib turgan O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar Vaziri Abdulaziz Kamilov Nyu-York shahrida Ispaniya Qirolligi tashqi ishlar va hamkorlik Vaziri Xose Manuel Garsiya-Margalo bilan uchrashdi.
Suhbat chog`ida O`zbekiston-Ispaniya hamkorligining muhim masalalari, 2013-yil noyabr va 2014-yil apreldagi tashqi siyosat idoralari rahbarlari Ispaniya va O`zbekistonga tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Tomonlar BMT Bosh Assambleyasi kun tartibidan o`rin olgan ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashdilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar Vaziri Abdulaziz Kamilov Nyu-York shahrida Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, Tashqi va Evropa ishlari Vaziri Miroslav Laychak bilan uchrashdi.
Suhbat chog`ida O`zbekiston va Slovakiyaning ikki tomonlama shakldagi hamda O`zbekiston–Evropa Ittifoqi muloqoti va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorligi masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Vazirlar aloqalarni siyosiy, savdo-iqtisodiy, sayyohlik sohalarida yanada rivojlantirish, ayniqsa savdo aloqalarini kengaytirish va qo`shma investision loyihalarni tadbiq qilish istiqbollaridan tomonlar o`zaro manfaatdorligini ta`kidladilar.
Uchrashuvda tomonlar qator xalqaro ahamiyatga molik muammolarni ham ko`rib chiqdilar.





