AsosiyDunyo

Tokioda haydovchisiz taksilar yo`lovchi tashishga kirishdi

'Tokioda haydovchisiz taksilar yo`lovchi tashishga kirishdi'ning rasmi

“Hinomaru Kotsu” taksi kompaniyasi ZMP firmasi bilan hamkorlikda sinov tariqasida yo`lovchilarni haydovchisiz avtomobillarda tashish xizmatini yo`lga qo`ydi.

Taksilar Tokioning Otemati va Roppongi massivlari bo`ylab 5,3 kilometr masofada harakatlanmoqda. Sinov 8 sentyabrga qadar davom etadi.

Yo`lda harakatlanayotgan mashinaning avtomatik tarzda boshqarilishi turli burilishlar, avtomobillar oraliq masofasini saqlash va boshqa texnik jihatlarni ko`zda tutadi. Sinov davrida avtoulovning harakatlanishi davomida haydovchi ham ishtirok etib, favqulodda vaziyatlar sodir bo`lishi xavfi tug`ilganda mashina qo`l boshqaruviga o`tkaziladi.

Ilk tajriba-sinovda ishtirok etuvchi yo`lovchilar iyul oyidanoq saralab olingan. Yo`l kira haqi 1500 iena (taxminan 14 AQSh dollar).

Kompaniya vakillarining ta`kidlashicha, ushbu tadqiqot asosan boshqaruvdagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, 2020 yili Tokioda o`tadigan Olimpiada o`yinlari arafasida amaliyotga joriy etilishi kutilmoqda.

O`tgan yili Yaponiya hukumati haydovchisiz boshqariladigan texnologiyalarni rivojlantirish va atrof-muhitga zarar keltirmaydigan yangi avlod avtomobillarini yaratish maqsadida 2,85 trillion iena (taxminan 25 milliard AQSh dollari) ajratgan edi. Hukumat, 2030 yilga kelib Yaponiya ko`chalaridagi harakatlanuvchi har beshinchi avtomobil haydovchisiz avtomobil bo`lishiga umid qilmoqda.

    Boshqa yangiliklar