O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Samarqandda bo`lib o`tayotgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Ijroiya qo`mitasining 99-sessiyasi ochilish marosimida nutq so`zladi. Nutqning to`liq matni O`zA tomonidan e`lon qilindi.
Birinchi navbatda Prezidentimiz Islom Karimov Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi janob Taleb Rifai va kengashning barcha a`zolariga mazkur kengashning navbatdagi sessiyasi majlisi o`tkaziladigan joy sifatida turli madaniyatlar chorrahasi va jahon sivilizasiyasi durdonasi bo`lmish qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrini tanlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
«Aziz mehmonlarimizni mana shu mehmondo`st zaminda ko`rish va butun Samarqand ahli nomidan, shaxsan o`z nomimdan ‘Samarqandga xush kelibsiz!’ deb aytish menga alohida mamnuniyat bag`ishlaydi», — dedi prezident.
Shundan so`ng, davlat rahbari O`zbekiston hududida turizmning paydo bo`lish tarixi haqida qisqacha to`xtalib o`tdi.
«Samarqand shahridagi devoriy rasmlarda O`rta Osiyoga dunyoning turli o`lkalaridan kelgan elchilar, savdogar va sayohatchilarning tashrifi o`z aksini topgan. Bu noyob tarixiy asarda bundan 2,5 ming yildan ziyod avvalgi davrda Afrosiyob hukmdorining saroyida Xitoy, Koreya, Janubiy va Shimoliy Osiyo va boshqa davlatlarning elchilarini qabul qilish marosimlari tasvirlangan. O`zida eng qadimgi davrlar va bugungi hayotni uzviy ravishda uyg`unlashtirgan ushbu shaharda tug`ilib voyaga etgan inson sifatida siz, aziz mehmonlarimizni mana shu mehmondo`st zaminda ko`rish va butun Samarqand ahli nomidan, shaxsan o`z nomimdan «Samarqandga xush kelibsiz!» deb aytish menga alohida mamnuniyat bag`ishlaydi. », — dedi prezidentimiz.
Islom Karimov bugungi kunda dunyoda shiddat bilan o`zgarib borayotgan vaziyat, globallashuv jarayonlarining jadallashuvi, tez-tez takrorlanayotgan jahon iqtisodiy va moliyaviy inqirozlari xalqaro turizm rivoji yo`lida turli muammolar tug`dirib, uning oldiga yangi-yangi talablar qo`yayotganini ta`kidlar ekan, bunday muammolarning ba`zilariga to`xtalib o`tdi.
Eslatib o`tamiz, 1 oktyabr kuni Samarqand shahrida BMT Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Ijroiya qo`mitasining 99-sessiyasi ish boshladi. Ushbu xalqaro forumda BMTning Jahon Sayyohlik tashkilotlari vakillari ishtirok etishadi. Bundan tashqari, unda AQSh, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Gresiya, Misr, Turkiya, Isroil, Singapur, Tailand kabi o`ndan ortiq mamlakatlaridagi xalqaro sayyohlik tashkilotlar vakillari va ekspertlari qatnashadi.





