Shahrisabz shahrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan I Xalqaro maqom san`ati anjumani o`tkazilmoqda. Anjumanning tantanali ochilish marosimi 6 sentyabr kuni bo`lib o`tdi.
Mamlakatimizda birinchi bor o`tkazilayotgan ushbu san`at bayramida dunyoning 73 davlatidan kelgan 300 ga yaqin ishtirokchilar va mehmonlar qatnashmoqda.
Chubin madrasasida Xalqaro press klubning I Xalqaro maqom san`ati anjumaniga bag`ishlangan sayyor sessiyasi o`tkazildi.
Sessiyada O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri o`rinbosari A.Abduhakimov, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Sh.O`rumbekzoda va YuNESKO hamda Osiyo folklor ijodiyoti tashkilotidan martabali mehmonlar ishtirok etdi.
San`at forumini tashkil etishdan ko`zlangan maqsad, uning Shahrisabz shahrida o`tkazilishining sababi, mazmun-mohiyati va istiqboli haqida mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglandi. Ishtirokchilar, faxriy mehmonlar, maqom san`ati darg`alari xalqaro anjuman haqidagi fiklari bilan o`rtoqlashdi.
10 sentyabrga qadar davom etadigan ushbu anjumanida ishtirokchilar maqomning turli yo`nalishlarida o`zaro bahslashadi. “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholg`u ijrochisi” va “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” nominasiyalari bo`yicha g`oliblar aniqlanadi.