AsosiyDunyo

10 sentyabr – Jahon o`z joniga qasd qilishlarning oldini olish kuni

'10 sentyabr – Jahon o`z joniga qasd qilishlarning oldini olish kuni'ning rasmi

Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti bergan bayonotga qaraganda, har yili 800 mingdan ortiq kishi o`z joniga qasd qiladi. Ya`ni har 40 daqiqada bir kishining o`z joniga qasd qilishini anglatadi. Bu boradagi ilk hisobot yaqinda e`lon qilindi.

Tahlilchilarning so`zlariga qaraganda, asosan 15 yoshdan 29 yoshgacha bo`lgan shaxslar o`z joniga qasd qilar ekan. Shuningdek, 70 dan oshgan qariyalar ham bu dunyodan o`z jonlariga qasd qilgan holda ketishga moyil bo`lishar ekan. Erkaklar ayollarga nisbatan uch barobar ko`p o`z joniga qasd qilishadi. Har to`rtdan bitta o`z joniga qasd qilish holati qashshoq va rivojlanish yo`liga o`tgan mamlakatlar hissasiga to`g`ri keladi. So`nggi 45 yilda o`z joniga qasd qiluvchilar soni jahonda 60%ga oshgani aytiladi.

O`z joniga qasd qilish rasmiy tilda Suisid (lotincha. sui caedere — o`zini o`ldirmoq) deb ataladi. Mazkur muammo jahon sog`liqni saqlash tarmog`i uchun asosiy global fojia ekani ta`kidlanadi.

Har yili 10 sentyabrni Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti O`z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish Xalqaro assosiasiyasi (International Association for Suicide Prevention) bilan hamkorlikda Jahon o`z joniga qasd qilishlarning oldini olish kuni (World Suicide Prevention Day) sifatida nishonlaydi.

Bu sana 2003 yildan beri nishonlanib kelinmoqda. Shu kuni jahonda o`z joniga qasd qilishlarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar sarhisob qilinadi. Tahlilchilarning so`zlariga qaraganda, hozir zamon shu qadar tez rivojlanib borayaptiki, u yoki bu hollarda kishilar o`z hayotlariga qarshi jinoyat qilishga, ya`ni jonlariga qasd qilishga majbur bo`lmoqda. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, jahonda zo`ravonlik asosida yuz bergan o`limlarning teng yarmini o`z joniga qasd qilish holati tashkil etadi.

Tahlilchilar Sharqiy Evropa mamlakatlari suisid bo`yicha birinchi o`rinda ekanini aytishadi. Yaponiyada har yili 30 ming kishi o`z joniga qasd qiladi. O`z joniga qasd qiluvchilar Lotin Amerikasi va musulmon davlatlarida juda ham ozchilikni tashkil qiladi. So`nggi vaqtlarda Rossiyada o`z joniga qasd qiluvchilar soni yoshlar orasida ko`plab uchramoqda.

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bir yilda suisidlar soni bir millionga yaqinlashib qolayotganidan xavotirga tushmoqda. Agar vaziyat shu tariqa davom etadigan bo`lsa, 2020 yilga borib o`z joniga qasd qiluvchilar soni bir yarim barobar oshar ekan. Shu sababli ham o`z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish Xalqaro assosiasiyasi Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda Jahon o`z joniga qasd qilishlarning oldini olish kunini o`tkazar ekan, dunyo hukumatlari va jamoatchilikka murojaat qilib, insonlarning hayotini saqlab qolish maqsadida mas`uliyatni his qilishga chaqirmoqda.

Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti nafaqat o`z joniga qasd qilish holatlarini to`xtatishga, balki hayotdan to`yib ketgan kishilarni davolashga e`tibor qaratish lozimligini aytib keladi.

Tahlilchilar Evropa va Shimoliy Amerikadagi vaziyatni o`rganib chiqqanlaridan so`ng, mazkur mintaqa mamlakatlarida ruhan tushkunlikka tushgan va spirtli ichimliklar ichish natijasida odamlar o`z jonlariga qasd qilishlarini aniqladilar. Mutaxassislar jahon mamlakatlarida o`z joniga qasd qilish holatlarini bartaraf etish maqsadida etarlicha targ`ibot-tashviqot ishlari olib borilmayotgani aytib, nolishadi.

O`smirlar asosan qashshoqlik, oila a`zolari yoki tengdoshlarining salbiy munosabati, rad etilgan sevgi, o`qishdagi o`zlashtirish pasayishi, bedavo kasallik, bolalikdagi zo`ravonliklar asorati, giyohvand va alkogol mahsulotlar iste`moli oqibatida o`z jonlariga qasd qiladi.

AQShdao`z joniga qasd qiluvchilar o`q otar qurollardan (52,1 foiz), o`zlarini osish va bo`g`ish (22,2 foiz), zaharlanish (17,6 foiz) va boshqa metodlar (8,1foiz)dan foydalanishadi.

Bugungi kunda bir qator mamlakatlarda o`z joniga qasd qilishga uringan shaxslar jazoga tortiladi. Masalan, Hindistonda o`zini o`ldirishga uringan shaxs bir yil ozodlikdan mahrum qilinadi yoki jarimaga tortiladi. Singapurda ham o`zini o`ldirishga uringan shaxslar bir yil qamoqda o`tirishga majbur.

So`nggi so`z o`rnida ta`kidlash kerakki, jahon dinlarining barchasida o`z joniga qasd qiluvchilar qattiq qoralanadi va gunoh sifatida ko`riladi. Ayrim xalqlarda o`z joniga qasd qiluvchilar qabris

tondan tashqariga ko`miladi. Islom dinida esa o`z joniga qasd qilganlarga janoza o`qilmaydi.

Sharofiddin To`laganov, O`zA

    Boshqa yangiliklar