Rossiya O`zbekistonga 32 yoshli Suxrob Fozilovni ekstradisiya qildi. Bu haqda Moskva shahar prokuraturasi matbuot xizmati xabar tarqatdi, deb yozmoqda "Xalq so`zi".
Fozilov 2010 yildan buyon O`zbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralari tomonidan qidirilayotgan bo`lgan.
Mazkur shaxs O`zbekiston Jinoyat kodeksining 242 (jinoiy uyushma tashkil etish), 168 (firibgarlik), 243-modda (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)larida nazarda tutilgan jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanmoqda.
Fozilov 2007 yildan 2009 yilning iyuniga qadar O`zbekiston hududida offshor zonalarda ro`yxatdan o`tkazilgan, moliyaviy piramida ko`rinishidagi chet el kompaniyalari vakillari homiyligi ostida yaratilgan jinoiy faoliyatni tashkil qilgan va uning bo`linmalariga rahbarlik qilgan.
2008—2009 yillarda aldov va ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan Samarqand viloyati hududida yashovchi 140 fuqaroning jami 61 ming dollar mablag`larini o`g`irlagan va chet el kompaniyasi hisobiga o`tkazgan. Shuningdek, jinoiy hamjamiyatning boshqa bo`linmalari rahbarlari bilan birgalikda 13 million dollardan ortiq “orttirilgan” daromadlarni legallashtirgan.
2017 yil noyabrida davlatlararo qidiruvda bo`lgan Fozilov Moskva metropolitenida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo`lga olingandi.






