O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligiga bag`ishlab O`zbekiston yoshlar ittifoqidan 27 tuhfa sifatida «Yoshlar kutubxonasi» doirasida badiiy kitoblar chop etildi.
«Yoshlar kutubxonasi» loyihasi 2017 yilda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan ishga tushirilgandi. Loyiha yoshlar o`rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ta`lim muassasalarining badiiy kitoblarga bo`lgan ehtiyojini qondirishda ko`maklashish maqsadida tashkil etilgandi.
Joriy yilda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan loyiha uchun 10 milliard so`m mablag` ajratilgan. Loyiha doirasida har bir kitob kamida 10 ming nusxada chop etilib, respublikadagi barcha maktab, kollej, akademik lisey va oliy ta`lim muassasalari kutubxonalariga bepul tarqatiladi. 2018 yil oxiriga qadar har bir ta`lim muassasa kutubxonasiga 100 nomdagi badiiy kitoblar etkazib berilishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida 2018-2019 yillarda chop etiladigan 200 nomdagi kitoblar ro`yxati O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi, Xalq ta`limi vazirligi hamda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklari tavsiyasi asosida shakllantirilgan.
2018-2019 yillarga mo`ljallangan nashr rejasi 200 nomdagi badiiy kitob bo`lib, jumladan, jahon adabiyotiga oid 65 dona, o`zbek adabiyotida doir 135 dona nodir asarlar chop etilishi rejalashtirilgan. Bu kitoblarning 45 foizi 20 yoshdan kattalar uchun, 25 foizi 7-14 yoshdagi bolalar uchun hamda 30 foizi 15-20 yoshdagi o`smirlar uchun chop etiladi. Qolaversa, badiiy asarlarning 50 foizi zamonaviy adabiyot, 15 foizi klassik adabiyot, XX asr adabiyoti esa 35 foizni tashkil etadi.






